Samarqand sayyohlar bilan gavjum
Ayni kunlarda Samarqand shahrining Registon, Shohi Zinda, Hazrati Xizr, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualari, Amir Temur maqbarasi, "Buyuk ipak yo‘li" xalqaro turizm markazi, “Boqiy shahar” va o‘nlab ob’yektlar mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum.
O‘zbekiston deganda ko‘z oldimda birinchi navbatda Samarqand gavdalanadi, - deydi fransiyalik sayyoh Shantal Fabregul. – Oilam bilan yurtingizga kelganimizga 10 kundan oshdi. Bu vaqt oralig‘ida Samarqand, Xiva va Buxoro shaharlarining diqqatga sazovor maskanlarida bo‘ldik. Samarqand men yoqtirgan eng go‘zal shaharlardan biri. Chunki ko‘hna kentda buyuk allomalar qoldirgan meros, tarixiy obida va muqaddas qadamjolar qadimiyligi va maftunkorligi bilan o‘ziga jalb qilib turadi.
Bayramlar munosabati bilan belgilangan dam olish kunlarida respublika bo‘yicha ichki turizm uchun bir qator chegirmalar ham joriy etilgan. Shu bois shaharda mahalliy sayyohlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.
- Dam olish kunlari oilamiz bilan Samarqand shahriga keldik, - deydi jizzaxlik Adolat Mustafoyeva. – Chegirma bilan mehmonxanaga joylashib, ko‘hna shahardagi Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Xo‘ja Doniyor va Shohi Zinda majmualarini ziyorat qildik. Sayohatimiz taassurotlarga boy bo‘ldi.
- Samarqandga oxirgi marta besh yil oldin kelgandim, - deydi buxorolik Salim bobo Normurodov. – Bolalarim va nabiralarim bilan kelib, tarixiy shahar yanada ko‘rkamlashganiga guvoh bo‘ldik. Ayniqsa, yaqinda barpo etilgan turizm maskani shaharda mahalliy va xorijlik sayyohlar oqimining ko‘payib borayotganini ko‘rsatmoqda. Ushbu turistik markaz va shaharning diqqatga sazovor joylarda vaqtimiz mazmunli o‘tdi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.