Samarqand shahar byudjetiga o‘tgan yili qancha daromad tushgan? Joriy yilda qancha rejalashtirilgan, qayerga qancha sarflanadi?

2019 yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand shahar mahalliy byudjetining daromadlari 129,1 milliard so‘mni yoki 2018 yilga nisbatan 160 foizga oshishi kutilmoqda.

Qayd etish lozimki, soliq stavkalarining pasayishi natijasida joriy yilda mahalliy byudjetning yo‘qotishlari 22,5 milliard so‘mni tashkil qilishi kerak edi. Ishlab chiqarish hajmlarining kengayishi, tariflarni to‘g‘rilash (korrektirovka), un va non narxlarining erkinlashtirilishi hamda joriy etilgan soliq islohotlari natijasida qo‘shimcha daromad bazalarining kengayishi hisobiga yo‘qotishlar o‘rnini qoplab, byudjetga tasdiqlangan prognozga nisbatan qo‘shimcha 120 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ undirishga erishish prognoz qilinmoqda.

Jumladan, mahalliy byudjet ixtiyorida qariyb 21,1 milliard so‘mlik qo‘shimcha mablag‘lar qolishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2018 yilda 4.3 milliard so‘m bo‘lgani holda 2019 yilda 5 barobarga oshgan.

Ushbu daromadlar hisobidan “Obod mahalla” dasturi doirasida 3 ta mahallada boshlangan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari uchun 6,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida ijtimoiy soha muassasalariga 8,3 milliard so‘m berilgan. Byudjetdan harbiy-ma’muriy sektorni rivojlantirish uchun 1,3 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.

Joriy yil uchun shahar mahalliy byudjeti daromadlari 244,5 milliard so‘mga prognoz qilinmoqda. Jami xarajatlar esa 263,1 milliard so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda. Ta’kidlash joizki, mahalliy byudjet xarajatlarining 71,8 foizini yoki 188.9 milliard so‘mi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni tashkil etadi.

Xarajatlarning asosiy qismi yoki 165,1 milliard so‘mi ijtimoiy soha uchun sarflanishi ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, joriy yilda maktabgacha ta’lim sohasiga 24.4 milliard so‘m, umumiy o‘rta ta’lim xarajatlariga 14.1 milliard so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 115,2 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Shu bilan birga dori-darmon va bog‘lov vositalari uchun xarajatlar 6,5 milliard so‘mni tashkil qiladi. Ya’ni, 2019 yildagi 5,4 milliard so‘mga nisbatan 120 foiz ko‘proq mablag‘ ajratilmoqda.

2020 yilgi shahar byudjeti loyihasida madaniyat sohasi xarajatlari 12,1 milliard so‘mni, jismoniy tarbiya va sport sohasi xarajatlari esa 3,8 milliard so‘mni tashkil qilmoqda.

Bundan tashqari, boshqaruv organlarini saqlash xarajatlariga 7,6 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Viloyat byudjetidan shahar mahalliy byudjetiga tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 18,6 milliard so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda.

Begzod MAMADALIYeV,

Samarqand shahar hokimligi moliya bo‘limi mudiri.