Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi isloh qilishga muhtoj

Bugun kanalimizda "Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi yo‘lchilariga savollar!" nomli tanqidiy maqola bergan edik. Ushbu materialga o‘quvchilarimizdan biri shunday munosabat bildiribdi:

"Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi isloh qilishga muhtoj. Ya’ni, Samarqand shahrida alohida yo‘llarga xizmat ko‘rsatish kompaniyasini tashkil qilib, unga professional yo‘lchilarni ishga olish va zamonaviy texnika bilan taminlash kerak.

XXI asrda dunyoning diqqat markazida bo‘lib turgan turizm shahri Samarqandga qachonga sovet ittifoqi davridan qolgan traktorlardan, yollanma, kunlik ishchilardan foydalanib, obodonlashtirish ishlari qilinadi. Ichki yo‘llarda shunaqangi chuqurlar borki, hatto suv to‘ldirib bemalol basseyn sifatida foydalansa bo‘ladi. Shunday ko‘chalar borki, ko‘cha bo‘lib paydo bo‘lganidan beri trotuar, piyodalar yo‘lagi qilinmagan, lotoklar, drenaj, yashil zonalar yo‘q. Ba’zida odam g‘azablanib ketadi: nahotki, shu oddiy, ammo xalqning kayfiyatiga ta’sir qiladigan xunuk ishlar shahar hokimligi mas’ullarining parvoyiga kelmasa.

Men har kuni Shota Rustaveli ko‘chasidan ishga bog‘chaga, maktabga qatnayman. Farzandlarim: "Dada, bu yamalar men kichkinaligimdayam bor edi, nega buni to‘g‘irlashmayapti?", deb so‘raydi. Men nima deyishimni bilmay biror kun mas’ullar e’tibor qaratar, vijdon uyg‘onar, deb qo‘yaman ichimda.

Xo‘sh, Samarqand shahridagi infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni xurjun bo‘lishining sababi nima? Mablag‘, deydigan bo‘lsak, shahar hokimligi bir yilda hamma ichki ko‘chalarni xatlov qilib, navbati bilan dasturga kiritib, respublikadan mablag‘ so‘ralsa shu paytgacha ancha ko‘chalarni obod qilsa bo‘lardi.

Tashabbus yo‘q, taklif yo‘q. "Bizda hammasi yaxshi, ko‘chalarimiz obod, piyodalar va veloyo‘laklar, yashil hududlar qilingan", deb o‘zlarini o‘zlari aldaydi.

To‘g‘ri, asosiy yo‘llar ya’ni mehmonlar harakatlanadigan yo‘nalishlar tekis va obod, lekin mahallalar ichidan chiqish-kirish, ichki yo‘llari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Mahalliy mas’ullarning ishiga xorijdan kelgan delegatsiyalar emas, balki shu yerda yashaydigan xalq va tashrif buyuradigan sayyohlar bahosini beradi.