Samarqand shahri mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum
Bugundan shaharning Registon, Shohi Zinda, Hazrati Xizr, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualari, Amir Temur maqbarasi, «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazi, «Boqiy shahar» va o‘nlab ob’yektlar mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum bo‘ldi.
- Mustaqillik bayrami munosabati bilan berilgan dam olish kunlaridan foydalanib, tarbiyachilar uchun tarixiy shaharga sayohat tashkil qildik, - deydi Namangan viloyati Uychi tumanidagi "Jajji professor" oilaviy bog‘chasi direktori Odina Abdullayeva. - 17 kishilik jamoamiz bilan uch kun shu yerda bo‘lamiz. Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Xo‘ja Doniyor va Shohi Zinda majmualarini ziyorat qildik. Shuningdek, bugun Samarqand shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturida ishtirok etamiz va yaqinda barpo etilgan turizm markaziga borishni reja qilyapmiz.
- Samarqand buyuk allomalar qoldirgan meros, tarixiy obida va muqaddas qadamjolari bilan o‘ziga jalb qildi, - deydi dubaylik sayyoh Lulva. - Bu azim shahar haqida ko‘p bor eshitgandim va bu yerga kelib, ta’riflangandan ko‘proq taassurotga ega bo‘ldim. Dubayda Samarqandni ko‘rish istagida bo‘lganlar ko‘p va bu haqda men ko‘rsatuv ham qilmoqchiman.
Fazliddin Ro‘ziboyev.