Samarqand shahri qanday modernizatsiya qilinadi?
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida 2026−2030 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasining yangilangan loyihasi ko‘rib chiqildi.
Senatorlar va ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan muhokamada ta’kidlanganidek, 350 dan ortiq davlat organlari va ilmiy markazlar takliflari asosida takomillashtirilgan ushbu loyiha avvalgi strategiyalardan o‘zining aniq natijadorligi va raqamlashtirilgan mezonlari bilan tubdan farq qiladi.
Xususan, hujjatdan baholab bo‘lmaydigan 130 ta umumiy shior va vazifalar chiqarib tashlandi. Endilikda har bir maqsad “inson qadri uchun” tamoyili asosida yillar kesimida taqsimlangan bo‘lib, 60 ga yaqin vazirlik va idoralar faoliyati alohida samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholanishi belgilandi.
Qo‘mita majlisida strategik maqsadlarni hududiy darajada amalga oshirishning uzviy davomi sifatida Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish hamda Oqdaryo, Past Darg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Samarqand shahrini “millionli shahar”ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar joy va noturar binolarni qurish, aholining uy-joylarga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash orqali aholiga munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilmoqda.
Chegaralar o‘zgartirilishi hisobiga Samarqand shahri hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektargacha kengayib, yangi investitsiya va qurilish loyihalari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Samarqand shahrining kengaygan hududida yangi turistik loyihalar, o‘yin maydonlari, akvapark, havo sharlari, istirohat bog‘lari kabi ko‘ngilochar turizm va dam olish maskanlari tashkil etilishi, yangi yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari va logistika markazlari qurilishi rejalashtirilgan.
Senatorlar o‘z chiqishlarida ta’kidlaganidek, mazkur islohotlar Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “odamlarni hayotdan rozi qilish” tamoyilining amaliy ifodasi sifatida Samarqandning xalqaro megapolis nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida ko‘rilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.