Samarqand shahrida etnografiya muzeylari hamda “Etnografiya mahallasi” barpo etilsa...
Tarixiy yozma manbalarda Samarqandning yoshi qadimiyligi haqida ma’lumotlar ko‘p. Muhammad an-Nasafiyning “Al-Qand fiy zikri ulamoi”, Haydar as-Samarqandiyning “Qandiyai Xurd”, Abu Tohirxo‘ja Samarqandiyning “Samariya”, xitoylik solnomachi Chjan Syan, yunon va rimlik tarixchilar Arrian, Kursiy Ruf va boshqa ko‘plab mualliflarning asarlarida bu haqda yozib o‘tilgan.
Sharqda Samarqand va G‘arbda Rim – insoniyat taqdiridagi buyuk xizmatlarini nazarda tutib “Boqiy shaharlar” nomini olgan. Xalq iborasida “Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast” – “Samarqand yer yuzining sayqali” (jilosi) deb behudaga aytilmagan.
Amir Temur Samarqandni mehr bilan qadrladi, obod qildi, dunyoning sayqaliga aylantirdi. Samarqand qadimiy tarixi va me’moriy yodgorliklari tufayli butun dunyo tan olgan haqiqiy muzey shahriga aylandi. Shu bois respublika hukumati qarori bilan 1982 yilda Samarqandning Afrosiyob shahristoni, o‘rta asrlarda bunyod etilgan me’moriy yodgorliklar va XIX-XX asrlarda qurilgan yangi shahar qismidagi binolar, tarix va o‘lkashunoslik muzeylari asosida “Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy muzey-qo‘riqxonasi” (hozirgi “Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi”) tuzildi. O‘sha yilning o‘zida shaharning tarixiy qismini muhofazalash chegaralari belgilandi.
Samarqand me’moriy-tarixiy yodgorliklari 2001 yilda YuNESKOning Finlandiyada o‘tkazilgan 25-sessiyasida “Jahon merosi” ro‘yxatiga kiritildi. Samarqandda 73 ta yirik tarixiy-me’moriy yodgorlik mavjud: Registon, Shohi Zinda va Xo‘ja Abdidarun majmualari, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Bibixonim jome masjidi, Ruhobod maqbarasi, Xo‘ja Ahror, Hazrati Xizr masjidlari va boshqalar saqlanib qolgan.
XIX asr o‘rtalarida etnografiyaning fan sifatida vujudga kelishi dastlab Yevropa va Amerika qit’alarida maxsus etnografik muzeylarning shakllanishiga sabab bo‘ldi. Ular esa etnografik bilimlarni targ‘ib qilish va tadqiqotlar olib borishning mustaqil markazlariga aylanib bordi. Sankt-Peterburg Fanlar akademiyasining Etnografik muzeyi imperator Pyotr I Kunstkamerasidan ajralgan birinchi etnografik markazlardan biri edi. 1852 yilda Nyurnbergda nemis xalqi madaniyatiga oid kolleksiyalarni namoyish etuvchi "Nemis muzeyi" ochildi. 1855 yilda Berlinda yangi muzey tashkil etildi va keyinchalik u "Etnografiya muzeyi" nomini oldi. Xuddi shu yillarda Vashingtonda yirik etnografik bo‘limga ega bo‘lgan Milliy muzey ochildi. XIX asrning 60-yillarida Britaniya muzeyining etnografik bo‘limi, 70-yillarida esa AQShda Boston muzeyi, Parijda Trosadero etnografiya muzeyi ish boshlagan. Bugungi kunga kelib dunyodagi yirik etnografik muzeylarning soni 25 tadan oshdi.
Muzey ishi va etnografiya fanining rivojlanishi, moddiy madaniyatga oid bo‘lgan artefaktlarni saqlab qolishning muhimligini tushunib borish XIX asr oxirida Yevropada yangi tipdagi – “ochiq osmon ostidagi muzeylar”ning ham tashkil etilishiga olib keldi. Keyingi yillarda deyarli barcha joyda etnografik yoki etnografik-o‘lkashunoslik muzeylari paydo bo‘ldi. XX asrning 70-yillarida ularni dunyoning eng chekka hududlarida ham uchratish mumkin edi.
O‘zbekistonda alohida etnografik muzeylar mavjud bo‘lmasa-da, etnografik kolleksiyalar deyarli barcha muzeylarda uchraydi. Ularning vositasida jahon andozalariga mos “etnomuzeylar” tashkil etishda O‘zbekistondagi eng katta etnografik kolleksiyalarga ega bo‘lgan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi misolida etnografik kolleksiyalarni to‘plash, o‘rganish va muzeylashtirish masalalarini tadqiq etish, bu boradagi muammolarni o‘rganish va yechimi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish dolzarb masaladir.
Mamlakatimizda keyingi yillarda “muzey ishi” sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida tadqiqotlar olib borish, muzey ishiga yangicha munosabatda bo‘lish imkoniyatini yaratmoqda. Zero, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi”ning “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish”, deb nomlangan beshinchi ustuvor yo‘nalishida muhim vazifalar belgilab berilgan. Bu – muzeylardagi ashyolarni qabul qilish, saqlash, ilmiy jihatdan o‘rganish hamda muzeylashtirish masalalariga yangicha yondashuvning mohiyatini ko‘rsatib beruvchi asosiy omil sanaladi.
Keyingi yillarda Samarqand shahrida o‘ziga xos shaharsozlik an’analari rivojlanib bormoqda. Tarixiy hududda Samarqandning shaharsozlik an’analarini saqlab qolishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Samarqand shahrining yangi qo‘shilib borayotgan hududlarida zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida ko‘pgina qurilishlar amalga oshirilmoqda va loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Ayniqsa, Samarqand shahridan oqib o‘tadigan Siyob hamda Obi Rahmat ariqlarining atrofini tozalash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar viloyat hokimi taklifiga ko‘ra, bir guruh tadbirkorlarning tashabbusi bilan amalga oshirilyapti. Tadbirkorlar o‘z mablag‘lari hisobidan Xalqaro turizm markazidan boshlanuvchi 18 kilometrlik Siyob arig‘ining ikki tomonida obodonlashtirish ishlarini olib borishyapti.
Samarqand shahri markazini yangidan barpo etilayotgan Qorasuv mavzesi bilan birlashtirish uchun 2 ta zamonaviy ko‘prik qurish ishlari boshlab yuborilgan. Chunonchi, shu yo‘nalishdagi Amir Temur va Gagarin ko‘chalarida olib borilayotgan keng miqyosli ta’mirlash ishlari bundan dalolat beradi hamda bu ko‘chalarning uzviy davomi sifatida Qorasuv mavzesiga o‘tuvchi yirik osma ko‘prikni barpo etish rejalashtirilganligi tahsinga sazovor.
Samarqand shahrida “ochiq osmon ostida”gi etnografiya muzeylarini hamda “Etnografiya mahallasi”ni tashkil etish uchun juda katta imkoniyatlar mavjud. Qorasuv mavzesiga tutashadigan yangi zamonaviy barpo etilajak yirik osma ko‘prik ostida va unga tutash Siyob arig‘ining vokzalorti hududida “Etnografiya mahallasi”ni tashkil etish, umuman, tarixiy deb baholanadigan Siyob va Obi Rahmat ariqlari oqib o‘tadigan pastlik hududlarga, xuddi Konigil hunarmandchilik mahallasi tashkil etilganidek etnografik landshaft berish kelajakda Samarqand turizmini rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlar berishi mumkin.
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufidagi etnografiya kolleksiyasi ashyolari asosida hamda xalqimiz qo‘lida saqlanib kelayotgan etnografiya buyumlaridan foydalanib “ochiq osmon ostidagi muzeylar” hamda “Etnografiya mahallasi”ni tashkil etish, kelajakda bu hududlarda Navro‘z sayillarini o‘tkazish, umuman, tarixiy ko‘ngilochar maskanga aylantirish – yosh avlod ongu shuurida tariximizga bo‘lgan hurmat-e’tibor hissining oshishiga hamda Markaziy Osiyoning eng qadimiy shahri bo‘lmish azim Samarqandimizning dovrug‘ini dunyoga taratishda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan bo‘lar edi.
Sobir Qo‘chqorov, O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti tarix o‘qituvchisi.