Samarqand shahrida faol aholining 9 foizi ishsiz

Bugun Samarqand shahrida 22 ming nafar fuqaro ishsiz. Bu shahardagi faol aholining 9 foizini tashkil etadi.
Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan joriy yil boshidan buyon 874 nafar fuqaro doimiy ish joylariga joylashtirilgan. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Markaz tomonidan 278 nafar fuqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitildi, - dedi Samarqand shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi boshlig‘i Ilhom Sa’dullayev. – 89 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 15 nafar ishsizlarga ishsizlik nafaqasi tayinlanib, ijtimoiy muhofazaga olindi. Shuningdek, 3363 nafar fuqaroga mehnat bandlik masalalari bo‘yicha huquqiy maslahat xizmatlari ko‘rsatildi. Bugun barcha korxona, tashkilot va muassalar o‘z xodimlari haqidagi ma’lumotlarni yagona milliy mehnat tizimi bazasiga kiritgan. Hech bir rahbar o‘zidagi bo‘sh ish o‘rnini yashirolmaydi. Hozir bizda sex va korxonalarda bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Ammo hamma ish so‘rab keluvchilar ham og‘ir ishlarda ishlashni istamaydi.
Bundan tashqari, joriy yilda 8 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchilarga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratib berilgan.
Markaz tomonidan chet elga ishlash uchun ketish istagini bildirgan oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan 25 nafar fuqaroga 2 mln. so‘m mikroqarz olish uchun "Mikrokredit bank"ka iltimosnomalar berilgan.