Samarqand shahrida ikkita bog‘cha zamonaviy qiyofa kasb etdi

Viloyat hokimi tashabbusi bilan Samarqand shahridagi 56 va 64-maktabgacha ta’lim muassasalari zamon talablariga mos ravishda qayta ta’mirlanib, to‘liq jihozlandi.

«Oltin asr» mahallasida foydalanishga topshirilgan 180 o‘rinli 56-MTM binosi 1 milliard 350 million so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan mukammal ta’mirlanib, 224,3 million so‘mlik mebel jihozlari bilan jihozlandi.

- Bugun maktabgacha ta’lim tizimiga qaratilgan e’tibor tufayli bog‘chamiz zamonaviy qiyofa kasb etdi, - deydi bog‘cha mudirasi Shahnoza G‘iyosova. - Muassasa xonalari yangi mebellar bilan jihozlanib, bolalarning sog‘lom voyaga yetishi hamda sifatli ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, musiqa zali, oshxona, kichik kutubxona, ingliz tili xonasi, yozgi ayvoncha, mini futbol maydoni va cho‘milish havzalari bolalarning vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun tashkil etildi.

Shuningdek, Ro‘dakiy mahallasidagi 64-maktabgacha ta’lim muassasasining ikki binosi ham qayta ta’mirlanib, 360 nafar bolajonni o‘z bag‘riga oldi.

Bog‘chada 12 ta zamonaviy ko‘rinishdagi yozgi ayvonchalar va devorlari qaytadan qurilib, obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Ma’lumot o‘rnida: Bugungi kunda Samarqand shahrida 172 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritib, shundan 96 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasalari, 24 ta nodavlat, 50 ta oilaviy va 1 ta tashkilot (Ichki ishlar boshqarmasi)ga qarashli bog‘chalar tashkil etadi.