Samarqand shahrida “Ipak va Ipak yo‘li: Xanchjoudan Samarqandgacha” ko‘rgazmasi ish boshladi
O‘zbekiston va Xitoyning madaniy va tarixiy merosiga bag‘ishlangan ushbu ko‘rgazmada Samarqand arxeologiya instituti, “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi va Xanchjoudagi Xitoy milliy ipak muzeyiga tegishli 86 ta buyum namoyish etilyapti.
Joriy yil Xitoy milliy ipak muzeyida XIX Osiyo o‘yinlari munosabati bilan “Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari ko‘rgazmasi” bo‘lib o‘tgan edi, - deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori Xo‘jaqul Muhammadiyev. - Unda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mahalliy jamoatchilikka mamlakatimiz muzeylarida saqlanayotgan 20 ta eksponat taqdim etilgan edi. Samarqand ko‘rgazmasida Xitoy milliy ipak muzeyi 26 ta namoyish ashyosini havola etyapti. Ushbu ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar Sin sulolasi davriga oid ipak namunalari, suratli gazlama to‘qish dastgohi, liboslar va shoyi mahsulotlarini ko‘zdan kechirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Jumladan, unda miloddan avvalgi II va milodiy IV asrga oid Afrosiyob xarobalariga tegishli noyob terakota haykalchalari, VIII-XI asrlarga taalluqli sopol buyumlar, Toshkent viloyati Munchoqtepa qishlog‘ida olib borilgan qazishmalarda topilgan shisha va bronza buyumlari o‘rin olgan.
Ko‘rgazma 2024 yilning 15 sentyabriga qadar davom etadi.