Samarqand shahrida yana 4 ta davlat xizmatlari markazlari ishga tushadi
Bugun adliya vaziri Akbar Toshqulov Samarqandda xizmat safarida bo‘lib, viloyatdagi adliya organlarida tizim xodimlarining ish sharoitlari, jarayondagi muammolar hamda davlat xizmatchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi.
Jumladan, Samarqand shahar adliya bo‘limi, Davlat xizmatlari markazida bo‘lib, bu yerda jismoniy va yuridik shaxslarning davlat xizmatlaridan yanada qulay, oson foydalanishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘lami bilan tanishdi. Ularni takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi. Shuningdek, markazda xizmatlardan foydalanishda yo‘lga qo‘yilgan yangi tajriba — “oson”, “o‘rta” hamda “murakkab” toifalar, boshqa qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.
Ma’lumki, Samarqand shahri “Millionli shahar”ga aylantirilmoqda. Natijada shaharning o‘zi 5 ta tumanga bo‘linadi. Qorasuv, Siyob, So‘g‘diyona, Bog‘ishamol va Maroqand tumanlari shular jumlasidandir. Bu o‘z navbatida shahar aholisining davlat xizmatlaridan foydalanishlari uchun yanada keng sharoitlarni yaratishni taqazo etadi. Shu munosabat bilan Samarqand shahrida kelgusida bir nechta yangi markaz binolari qurilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Adliya vaziri tizim mas’ullari bilan o‘zaro muloqotda bu borada ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan muhim masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarni o‘rtaga tashladi, takliflar bilan qiziqdi, kerakli tafsiyalarni berdi.
Xizmat safari davomida adliya vaziri Samarqand viloyat yuridik texnikumi binosini ham ko‘zdan kechirdi. Muassasa faoliyati, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.