Samarqand shahridagi Dari-zanjir madaniy merosi muhofazaga olindi
Shu yil 24 fevral kuni saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda “Samarqand shahridagi Dari-zanjir madaniy merosi asrab qolinadimi?" sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e’lon qilingan edi.
Maqolada temuriylar qadami yetgan, bugungi kunda xarobaga aylangan yodgorlik tez fursatda muhofozaga olinmasa, yo‘qolib ketishi mumkinligi haqida yozilgan edi.
Viloyat madaniy meros boshqarmasi mas’ullarining aytishicha, bugungi kunda yodgorlikni asrab qolish uchun amaliy ishlar boshlangan.
Dari-zanjir moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, mahalla binosi ro‘parasida joylashgan, - deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ziyodulla Nasimov. - Yodgorlik to‘rt hujradan iborat va hozirda xaroba holatga kelib qolgan edi. Majmuaning loyiha smetalari ishlab chiqilib, ob’yektning ta’mirlash-tiklash va muhofazaga olish ishlari uchun 415 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ayni paytda madaniy merosning tom qismi yopilmoqda va ishlar tugagach, hujra xonalarida ham restavratsiya ishlari boshlanadi.
Viloyat madaniy meros boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqandda 130 ta madaniy meros ob’yekti yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Yurtimiz madaniyati va tarixi aks etgan, buyuk ajdodlarimizdan meros ushbu yodgorliklarni asrash, muhofazaga olish, restavratsiya va konservatsiya qilish ishlari qanday ketmoqda?
- Viloyatda 1607 ta moddiy madaniy meros ob’yekti ro‘yxatga olingan, - deydi Z.Nasimov. - Ularning 973 tasi arxeologiya, 564 tasi arxitektura ob’yektlari, 36 tasi monumental san’at asarlari va 34 tasi diqqatga sazovor joylardir. Mavjud ob’yektlarning 1011 tasi respublika ahamiyatidagi, 596 tasi mahalliy ahamiyatdagi moddiy madaniy meros ob’yektlari bo‘lib, ulardan 221 tasi shaxsiy mulkdagi turarjoy binolari hisoblanadi.
2023 yilda viloyatda muhofozaga muhtoj 14 madaniy meros ob’yekti restavratsiya va konservatsiya qilingan edi. Joriy yilning o‘tgan davrida esa 447 million so‘m mablag‘ evaziga Samarqand shahridagi “Xalqlar do‘stligi va bag‘rikenglik muzeyi”, Ruhobod, Shohi Zinda majmualari, Xo‘ja Doniyor maqbarasi, Avliyo Georgiy cherkovi hamda Oqdaryo tumanidagi “Bahodir Yalangto‘sh” masjidida ta’mirlash-tiklash ishlari olib borildi. Yil yakuniga qadar yana manzilli ro‘yxat asosida Samarqand shahrida 16 ta, Kattaqo‘rg‘on shahar, Nurobod, Oqdaryo va Bulung‘ur tumanlarida bittadan moddiy madaniy meros ob’yektlari ta’mirlanadi va buning uchun qariyb 14 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda o‘tgan davr mobaynida 170 dan ziyod yangi arxeologiya madaniy meros ob’yektlari aniqlangan va ularni ro‘yxatga olish uchun Madaniy meros agentligiga taklif bildirilib, yodgorliklarni muhofaza qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash hamda sohada doimiy ravishda davlat nazoratini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.