Samarqand shahridagi ko‘chalardan biriga nega ibn Xaldun nomi berilgan?
Valiuddin Abu Zayd Abdurahmon ibn Muhammad Xaldun – mashhur mag‘riblik (Tunis) molikiya qozisi, faylasuf va muarrix, Turon sultoni Amir Temurning uzugiga “Kuch - adolatda” so‘zlari o‘yib yozilganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Misr elchisi bo‘lgan. Shu bilan birga Amir Temurda o‘zining zukkoligi va hozirjavobligi bilan ijobiy munosabat o‘yg‘ota olgan olimdir.
Ibn Xaldun Amir Temur bilan uchrashish oldidan kitob bozoriga borib, bir dona Mushafi sharif bilan mashhur shoir Busiriyning rasululloh vasfida bitilgan “Al-Burda” qasidasini xarid qilib, bir kishilik chiroyli joynamoz sotib oldi. Misr qandolatlaridan saralab to‘rt qutichani to‘ldirdi. Barini bir guldon qopchaga soldi. Burnus, degan nozik hoshiyali cho‘zinchoq bosh kiyim ustidan yengil qora salla o‘radi, zarif bir suratda Qasri Ablaqqa, Amir Temur huzuriga jo‘nadi.
Ibn Xaldun kattagina naqshin devorli ichki xonaga kirdi. Amir Temur zarrin to‘shakda chap tirsagiga suyanib yonboshlab o‘tirardi. Sultonlarga xos xashamatli kiyim ham kiymagan, oddiy oq avra choponda, dabdaba-yu asasadan nishon ham yo‘q. Oldidagi kattagina dasturxon noz-ne’matlar bilan to‘la.
- Assalomu alaykum, Amir Temur Ko‘ragon janobi oliylari!
Amir Temur boshini ko‘tardi-da, alik olgach, qo‘lini uzatdi. Ibn Xaldun boshini eggancha Sohibqiron qo‘lini o‘pdi va dasturxonning narigi chetiga cho‘k tushdi.
Ibn Xaldun eshik yonidagi mulozimdan sovg‘alarni olib iymanibroq Sohibqironga yuzlandi.
- Amir Sohibqiron hazratlari! Arzimasgina hadyalardur. Ko‘p o‘rnida ko‘radilar…
Ibn Xaldun qopchiqni ochib, ichidan bir kitob oldi. Mushafi sharifni ko‘rgan Amir Temur darhol o‘rnidan turdi, uch bor o‘pib qoshlariga surtarkan:
- Allohning kalomi! - dedi allaqanday tavajjuhda.
Yuz yil avval yashagan misrlik bulbuligo‘yo shoir Muhammad ibn Said al - Busiriy qasidasini o‘qigan bemor kishilar shifo topgan, shayton vasvasalaridan forig‘ bo‘lgan.
Bosh tomoniga mehrob shakli tikilgan chiroyli joynamozni bergach, qandolatlarga navbat yetdi. U odob maqomini tutib, qutichalardagi shirinliklardan dastavval o‘zi jinday-jinday ushatib og‘ziga soldi, keyin Sohibqironga uzatdi.
Shu on Amir Temurning xayolidan “Mushafi sharifni tavof etib, sajdaga bosh qo‘ysang, hayoting shirinlik bilan o‘tadur”, degan so‘zlar o‘tdi, molikiya qozisining fahmu farosatiga, zukkoligiga qoyil qoldi.
Amir Temur kutilmaganda allomaning sallasiga diqqat qildi.
- Nima uchun qora salla o‘radilar? Bunda qanday hikmat bor? - so‘radi u.
- Nafsimizni o‘ldirib, o‘shanga motam tutmoqdaman, - dedi Ibn Xaldun.
Amir Temur so‘radi:
- Nafsning qiymati qandoq ekan? Asli o‘ldiriladiganmi yoki o‘ldirilmaydiganmi? O‘ldirilmaydigan ersa, nechun o‘ldiradilar? O‘ldiriladigan bo‘lsa, unga motam ne hojat?
Ibn Xaldun o‘z javobida ziddiyatga yo‘l qo‘yganini sezdi, darhol mantiqli savolga javob topishga urindi:
- Bandasining umri motam tutmoqdan iboratdur, mavlono Amir janoblari. Har kuni kechagi o‘tgan, ortga qaytmas kunimizga motam tutmay ilojimiz qancha?
Favqulodda tiliga kelgan bu jo‘yali javobdan allomaning o‘zi ham hayron qoldi. Sohibqiron o‘yga cho‘mgancha, unga tikildi, keyin qanoatlandi.
Ibn Xaldunning har bir harakati Turon sultoni Amir Temurni hayratga soldi va Misr elchisiga nisbatan ijobiy fikr uyg‘ota oldi. Samarqand shahridagi ko‘chalardan biriga faylasuf ibn Xaldun nomining berilishi ham bejiz emas.
Muhammad XOLMATOV,
viloyat O‘lkashunoslik muzeyi xodimi.