Samarqand shahridagi maktab o‘quvchisi shaxmat bo‘yicha muddatidan oldin jahon chempioni bo‘ldi
Shaxmat bo‘yicha Italiyada o‘tkazilayotgan 14 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida shov-shuv ko‘targan hamyurtimiz yurtimiz tarixiga o‘z ismini oltin harflar bilan bitib qo‘ydi.
Negaki, bungacha hali o‘zbekistonlik biror xotin-qiz bunday nufuzli musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritmagan. Chempionat yakuniga yetmasdan samarqandlik 14 yoshli Afruza Hamdamovaning g‘olibligi aniq bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, u musobaqaning dastlabki turini o‘tkazib yuborgan, ya’ni ishtirok etmagani uchun ochkosiz qolgan...
Afruza Hamdamova 2009 yil 25 fevralda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. To‘rt yoshidan shaxmat bilan shug‘ullanib keladi. Hozirgi vaqtda Samarqand shahridagi 42-maktabning 8-sinf o‘quvchisi. WFM – Xotin-qizlar o‘rtasida FIDE sport ustaci.
Afruza shaxmat bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasidagi (maktab o‘quvchilari o‘rtasida) shaxmatning asosiy – standart yo‘nalishi bo‘yicha ilk va hozircha yagona jahon chempioni edi. Endi bolalar va o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionatida ham o‘zbekistonlik qizlar ichida ilk jahon chempioni bo‘ldi. U turnirda 2609 reytingga ega kuchli grossmeystrlar darajasida o‘ynagan.
U 2016 yilda Eron poytaxti Tehron shahrida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida Osiyo chempionatida standart, rapid va blits yo‘nalishi g‘olibi, Gruziyaning Batumi shahrida o‘tkazilgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionatida 8 yoshgacha qizlar o‘rtasida to‘rtinchi o‘rinni, Rossiyaning Sochi shahrida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida 7 yoshgacha qizlar o‘rtasida ham shaxsiy, ham jamoa tarkibida oltin medalni qo‘lga kiritgan.
2017 yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida standart yo‘nalishida oltin, rapid va blits bo‘yicha kumush, Ruminiyaning Yassi shahrida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida 9 yoshgacha qizlar o‘rtasida standart va blits bo‘yicha oltin, Braziliyaning San-Paulu shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida 8 yoshgacha qizlar o‘rtasida kumush medallariga sazovor bo‘lgan.
2018 yilda Belorussiya poytaxti Minsk shahrida o‘tkazilgan tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida 10 yoshgacha qizlar o‘rtasida rapid bo‘yicha kumush, blits yo‘nalishida oltin, Shri-Lankaning Kalutara shahrida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida Osiyo chempionatida 9 yoshgacha qizlar o‘rtasida standart va rapid yo‘nalishida oltin, blits bo‘yicha kumush hamda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan G‘arbiy Osiyo chempionatida 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida uch yo‘nalishi bo‘yicha ham oltin medallarga ega chiqqan.
2019 yilda Shri-Lankaning Kalutara shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 10 yoshgacha qizlar o‘rtasida standart va rapid yo‘nalishida kumush medalni, Turkiyaning Antaliya viloyatida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida 11 yoshgacha qizlar o‘rtasida standart yo‘nalishida to‘rtinchi o‘rinni, Toshkent shahrida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida Osiyo chempionatida 11 yoshgacha qizlar o‘rtasida 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, uch karra Osiyo chempioni bo‘lgan. Belorussiyaning Minsk shahrida o‘tkazilgan 10 yoshgacha qizlar o‘rtasida blits bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan.
2020 yilda xotin-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati 1-ligasi g‘olibi, onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan FIDE 3.4-zonasi birinchiligida ikkinchi o‘rinni, 2021 yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 12 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida shaxmatning har uch yo‘nalishi – standart, rapid va blis hamda tezkor shaxmat bo‘yicha “Sohibqiron Amir Temur kubogi” xalqaro shaxmat turnirida 12 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida birinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Zakovat- Gambit” shaxmat turnirida “Eng yaxshi ayol shaxmatchi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.
2022 yilda ketma-ket xotin-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati 1-ligasida ikkinchi, O‘zbekiston chempionati oliy ligasida beshinchi o‘rinni egallagan.
Afruza jahon chempionligini qo‘lga kiritgach, uning onasi bilan suhbatlashdik.
- To‘rt nafar farzandimiz bor, Afruza oilada ikkinchisi, - deydi Shabnam Ismatova. – Qizim yoshligidan rasm chizish va kitob o‘qishga qiziqardi. Otasi Akbar Hakimov shaxmatchi bo‘lganligi uchun u ham shaxmatni tanladi. Boshlang‘ich ta’limni uyda otasidan o‘rgangan bo‘lsa-da, dadasini birpasda yutib qo‘yardi. Afruzaning shaxmatga qiziqishi va mahorati oshgach, shaxmat murabbiyi Shaxob Hamroqulovga biriktirdik. Qizimiz u kishining qo‘l ostida viloyat birinchiligi, O‘zbekiston chempioni va xalqaro turnirlar g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Keyinchalik otasining o‘zi Afruzaga ustozlikni davom ettirdi va musobaqalarda doim yonida.
Afruza bizga “Sizlarning mehnatlaringiz orqali meni butun dunyo taniydi. Ishonchingizni oqlayman va buning uchun tinmay harakat qilaman” der edi. Faoliyati davomida bolalar va o‘smirlar, maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘z yosh toifasida 17 karra O‘zbekiston, 15 karra Osiyo, 5 karra jahon chempioni hamda xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘ldi. Italiyada o‘tkazilgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham qizlar o‘rtasida ilk jahon chempionligini qo‘lga kiritganini eshitib, ko‘zimga yosh keldi. Ota-ona uchun farzandining yutug‘ini ko‘rishdek baxt bo‘lmasa kerak. Qizim bilan faxrlanaman.
To‘g‘risi, bu musobaqada Afruzaning g‘olib bo‘lishiga ishonmagan edik. Chunki viza bilan bog‘liq muammolar sababli jahon chempionatiga kechikib bordi va birinchi turni o‘tkazib yubordi. Musobaqalarda ikkinchi turdan ishtirokini boshladi va 9 ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib, chempionat tugashiga yana bir tur qolganda muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.