Samarqand shahridagi RShTYoIM Samarqand filiali, 2- va 10-oilaviy poliklinika, shahar soliq inspeksiyasi va viloyat gaz tarmoqlari korxonasida kasallik o‘choqlari aniqlangan

Samarqand shahar hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shahar hududida qattiq karantin holatini o‘rnatish, koronavirus infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish maqsadida 26 ta to‘siq postlar, shahar ichida 18 ta YHXB, DXX, IIO FMB va SEOM xodimlaridan tashkil etilgan mobil-reyd guruhlari, 2-smenada ishlovchi 39 ta avtopatrul yo‘nalishlari, 51 ta kunduzgi, 22 ta kechki smena piyoda patrul guruhlari tashkil etilgan.

Samarqand shahrida o‘tkazilgan reydlar davomida 3 612 ta karantin qoidalarini buzgan fuqarolar aniqlanib ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi 1-qismi va 2-qismiga asosan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.

Shahar hududida joylashgan 30 ta tibbiyot muassasalari, jumladan, 19 ta shifoxona, 11 ta poliklinikaga koronavirus kasalligiga qarshi profilaktik tibbiy chora-tadbirlarni olib borish maqsadida 945 nafar tibbiy xodimlar - 98 nafar vrachlar, 825 tibbiy hamshiralar, 22 nafar mutaxassislar biriktirilgan.

Bugungi kunga qadar RShTYoIM Samarqand filiali, 2- va 10-oilaviy poliklinikalar, Samarqand shahar soliq inspeksiyasi va viloyat gaz tarmoqlari unitar korxonasida kasallik o‘choqlari aniqlangan.

Sanitariya-epidemilogik osoyishtalik markazi xodimlaridan iborat kasallikni aniqlash bo‘yicha tuzilgan 4 ta ishchi guruhi xodimlari tomonidan shu kunga qadar 144 ta xonadondan 1 750 nafar fuqarolardan kasallikni aniqlash uchun tahlillar olinib, viloyat sanitariya-epidemilogik osoyishtalik markazi laboratoriyasiga yuborilgan.

Samarqand shahridagi 7 ta mehmonxonada viloyat shahar-tumanlarida yashovchi koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan fuqarolar bilan birlamchi muloqotda bo‘lgan 303 nafar fuqarolar davolanmoqda.