Samarqand tarixida ilk bor figurali uchish seksiyasi ochildi
Samarqand shahridagi “Family Park” markazida "Chempion" figurali uchish akademiyasi o‘z ishini boshladi.
Endi samarqandlik bolalar ham Zarina Hojimuhammedova murabbiyligi ostida ushbu nafis sport turi bilan shug‘ullanishlari mumkin.
Keyingi yillarda yurtimizda ham qishki sport turlari bosqichma-bosqich rivojlanib boryapti. Yaqinda mazkur majmuada xokkey seksiyasi ish boshlagan bo‘lsa, endi bolalar figurali uchish asoslarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tajribali murabbiy Zarina Hojimuhammedova ko‘p yillar Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yashab, figurali uchish bilan shug‘ullangan. Qator musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan.
- Samarqandda muz ustida uchish maydonchasi qurilganidan so‘ng menda ham figurali uchish bo‘yicha to‘garak tashkil etish fikri uyg‘ondi, – deydi Z.Hojimuhammedova. – Shu paytgacha shaharda bu kabi muz maydonchasi bo‘lmagan edi. Mahalliy o‘g‘il-qizlarning sportning ushbu turi bilan shug‘ullanish istagi katta. Uch yoshdan boshlab qizlar figurali uchish bilan shug‘ullanadi. Ular endi nafaqat konkida ishonchli uchishadi, balki murakkab elementlarni ham bajara olishadi.
Darvoqe, seksiyada dastlabki yosh figurali uchish sohibalari jamoasi shakllandi. Ular mashg‘ulotlarda ishtiyoq bilan qatashmoqda.
Ilk muvaffaqiyatlar o‘zini ko‘p kuttirmaydi. Samarqand figurali uchish akademiyasi tarbiyalanuvchilari tez orada toshkentlik raqiblari bilan musobaqa o‘tkazishni rejalashtirishgan. Yosh sportchilar mazkur turnirga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Dilmurod To‘xtayev.