Samarqand, Toshkent va Buxoroda "Deklaratsiyalar muloqoti" xalqaro forumi o‘tkaziladi

16-20 may kunlari ushbu shaharlarda Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaning turli diniy konfessiyalari vakillari, taniqli ulamolar, dinshunos olimlar va xuquqshunoslar ishtirokida xalqaro forum tashkil etiladi.

"Deklaratsiyalar muloqoti" deb nomlangan mazkur xalqaro forumning xorijiy ishtirokchilari turli diniy hamjamiyatlar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash, e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasida mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi va siyosiy-huquqiy tajribasi bilan tanishadi.

2019 yilda ilk marotaba tashkil etilgan ushbu xalqaro forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2018 yilda BMT Bosh assambleyasida qabul qilingan "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" maxsus rezolyusiya tamoyillarini hayotga tadbiq etish borasidagi tizimli va izchil ishlarning amaliy ifodasidir.

Xalqaro anjumanning eng asosiy natijasi — bu Buxoro deklaratsiyasining qabul qilinishidir. Mazkur hujjat muhim xalqaro ahamiyatga ega bo‘lib, ilgari qabul qilingan Marokash, Makka, Jakarta, Potomak, Punta del Este deklaratsiyalarining mantiqiy davomidir. Shu bilan birga, ushbu hujjat O‘zbekistonning global miqyosda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qo‘shgan yuksak hissasi bo‘lib xizmat qiladi.

Forum tashkilotchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQShning Global jalb qilish instituti, shuningdek, hamkor tashkilotlar hamda Buxoro va Samarqand xokimliklari hisoblanadi.