Samarqand tumanida 19 700 AQSh dollariga yer maydoni sotgan xo‘jalik rahbari aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, “N.N.” fermer xo‘jaligi rahbari bir necha fuqaroning ishonchiga kirib, ularga xo‘jalikning suvli yer maydonidan dehqon xo‘jaligi tashkil qilish uchun yer ajratib berishni va’da qilgan. Ularning biridan 9 500 AQSh dollari, ikkinchisidan 10 200 AQSh dollarini olib, Samarqand tumani hokimining 31.12.2020 yildagi soxta qarorini ariza mualliflariga taqdim qilgan.
Tekshiruv davomida N.N. tomonidan o‘z aybiga iqror bo‘lib 500 AQSh dollari va 4,5 mln so‘mni ixtiyoriy qaytarganligi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-6-moddasi (sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.