Samarqand tumanida afv etilganlar holidan xabar olindi

Har bir xalqning o‘z e’tiqodi, insoniylik fazilatlari bor. Ana shunday fazilatlarni o‘zida mujassam etgan, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyat esa kamdan-kam uchraydi. Bu tamoyil o‘zbek xalqiga begona emas. Zero, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlarni afv etish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biridir.
Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, jazo muddatini o‘tayotgan fuqarolar afv etildi.
Samarqand tumani IIB boshlig‘i A.Toshev, tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari A.Halimov hamda DXX xodimlari muqaddam sudlanib, ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tashi davrida tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tib, afv etilgan fuqarolar holidan xabar oldi.
- Tumandagi Saxovat mahallasida yashovchi Firdavs Rahimov adashib jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan, - deydi tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Aminjon Toshev. – Bugun Firdavs tuzalish yo‘liga o‘tdi. Qilgan qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymon. Endi jamiyatimiz uchun foydali ishlarga bosh bo‘lish niyatida.
Shuningdek, mutasaddilar O‘rta Turkman mahallasida istiqomat qiladigan Eldor Gulmatovning xonadonida ham bo‘lishdi. Suhbat davomida kelgusi hayotida munosib o‘rin topishi uchun intilishi, mehnat qilishi ta’kidlandi. Afv etilganlarga moddiy yordam ko‘rsatildi.