Samarqand tumanida dam olish maskanlari ko‘p, ammo...
Ayni yozning jazirama issiq kunlarida odamlar tog‘ etaklarida, soya-salqin joylarda hordiq chiqarishni istaydi. Samarqand tumanidagi ayrim mahallalarda sayyohlarning dam olishi uchun yetarlicha imkoniyatlar bor.
Tumanning Mironqul mahallasi markazidan oqib o‘tuvchi soy bo‘yida tashkil etilgan dam olish maskanlarida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish ko‘ngildagidek bo‘lgani uchundir, hudud dam olish kunlari bo‘lmasa ham mehmonlar bilan gavjum. Har bir maskanda oilaviy yoki jamoaviy dam olish uchun sharoitlar yaratilgan. So‘rilar, erkaklar, ayollar va bolalar uchun alohida basseynlar, arg‘imchoqlar, yetarlicha idish-tovoqlar sayyohlar xizmatida.
- Tabiati go‘zal, sayyohlar e’tiborini tortadigan hududda yashayotganimiz yutug‘imizdir, - deydi mahalla raisi Mehroj Sultonov. - Tog‘ etagida joylashgan qishloq aholisi azaldan samimiy, mehmondo‘st odamlar. Ular shu paytga qadar ham sayyohlarga xizmat ko‘rsatgan, ammo tadbirkor sifatida qonuniy ro‘yxatdan o‘tmagan edi. Keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va tadbirkorlar uchun berilayotgan imtiyozlar o‘z samarasini bera boshladi. Bugungi kunda mahallamizda 13 ta dam olish maskani qonuniy faoliyat olib boryapti. Ulardan biri tadbirkor Aziz Bahriddinovga tegishli bo‘lib, bu yerda bir kunda 200-250 nafar mehmon 18 ta so‘rida dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, mehmon-uylari ham tashkil etilgan bo‘lib, olis hududlardan kelayotgan sayyohlar uchun tunash imkoniyati ham mavjud. Har bir dam olish maskanida qishloqning 4-5 nafardan fuqarosi ish bilan band.
Bu yaxshi albatta, ammo...
Tumanning O‘rta Ohalik mahallasida ham sayyohlarning tabiat qo‘ynida dam olishlari uchun yetarlicha imkoniyatlar boru, undan unumli foydalanilmayapti. Sababi, bu hududdagi dam olish maskanlari faqat haftaning shanba va yakshanba kunlaridagina faoliyat olib borar ekan.
- 6 sotixlik tomorqamizni dam olish maskaniga aylantirganimizga 10 yil bo‘ldi, - deydi yosh tadbirkor Savriddin Jumayev. – 2 yildan beri tadbirkor sifatida faoliyat ko‘rsatib kelyapman. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 30 kishini qabul qilishimiz mumkin. Shuningdek, o‘n o‘rinli mehmon-uyimiz ham bor.
Mahallada bo‘lib, bu kabi dam olish maskanlari anchagina ekanligiga guvoh bo‘ldik, ammo ularning nechtasi qonuniy faoliyat olib borayotganiga aniqlik kiritolmadik. Hatto mahalladagi hokim yordamchisi ham hududda qancha dam olish maskani borligini aniq bilmas ekan.
Bundan tashqari, hududda chiqindi qutilariga ko‘zimiz tushmadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, soyga yaqin joylarda dam oluvchilar tomonidan tashlab ketilgan, turli ichimlik idishlari, polietelin paketlar yoyilib yotibdi.
Bu kabi muammolarga mutasaddilar e’tiborli bo‘lsa, O‘rta Ohalikda ham tumanning boshqa mahallalaridagi kabi turistik maskanlar soni ortishi, mehmonlar safi kengayishi shubhasiz.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).