Samarqand tumaniga Vengriyadan naslli jo‘jalar keltirildi

Joriy yilning o‘tgan davrida Samarqand tumanidagi “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligi tomonidan Vengriya davlatining “AVIAGEN K.F.T.” kompaniyasidan 216 ming 465 bosh “ROSS-308” krossli naslli jo‘jalar keltirildi. O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatning 9 ming so‘mini qoplash uchun davlat tomonidan 1 milliard 948 million 185 ming so‘m miqdorida subsidiya mablag‘i ajratildi.

Ushbu xo‘jalik hududdagi ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi va yirik eksportyor korxonalardan biri hisoblanadi. Hozirda bu yerda 300 ming bosh naslli parranda boqilmoqda. Korxona tomonidan oyiga 2 million donadan ortiq naslli jo‘ja yetishtirilib, respublikamizning qariyb barcha parrandachilik korxonalariga yetkazib berilmoqda. Andijon, Xorazm, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida ham korxona filiallari faoliyat yuritmoqda.

Dastlab naslli jo‘jalar germaniyalik hamkorlar tomonidan yetkazib berilgan bo‘lsa, hozirda korxona qoshidagi inkubatsiya sexida jo‘jalarni ochirish yo‘lga qo‘yilgan. Xorijning zamonaviy uskunalari yordamida har 100 tuxumdan 90-95 ta jo‘ja ochirishga erishilmoqda.

Xurshid XURRAMOV,

Agroinspeksiyaning Samarqand

tuman bo‘limi katta inspektori.