Parrandachilik Qo‘shrabotni kambag‘allikdan chiqaradi(mi?)

Qo‘shrabot Samarqandning eng olis, chekka tumani hisoblanadi. Binobarin, turli xil muammolar ham markazdan uzoqda “bolalab ketar” ekan, shekilli bu hudud azaldan muammolar girdobida qiynalib kelgan. Lekin bu tuman bir joyda depsinib turibdi, degani emas. Xolis nazar tashlansa, tahlil va qiyos qilinsa, keyingi yillarda juda katta ishlar, keng qamrovli loyihalar amalga oshirilganini, aholining turmush farovonligi yaxshilangani-yu, ishsizlik darajasi ancha pasayganini payqash mumkin. Qisqasi, tumanning “qizil” hududdan chiqishi uchun real imkoniyatlar bo‘y ko‘rsata boshladi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Tuman hokimi Himmat Oqbo‘tayev bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi. Uning aytishicha, keyingi to‘rt yil mobaynida tumanning oyoqqa turib olishi uchun mustahkam poydevor yaratilgan. Chunonchi, shu davr ichida 8 ming gektar maydonda yangi uzumzorlar barpo etilgan. Tokzorlarga tutash hududlarda esa  yuzlab gektar yong‘oqzorlar, bodom va pistazorlar hosil nishonalarini ko‘rsata boshladi. Bu turdagi mahsulotlar eksport yo‘nalishiga oidligi inobatga olinsa, amalga oshirilayotgan loyihalarning ahamiyati yanada oydinlashadi.

- Tumanimizda suv muammo sanaladi, shu bois bog‘-rog‘larning aksariyat qismi zamonaviy texnologiyalar asosida, ya’ni tomchilatib sug‘orish usulida parvarishlanyapti, - deb alohida ta’kidladi tuman hokimi. - Binobarin, bundan boshqa yo‘l yo‘q bu yerda, chunki suv kichik buloqlar va quduqlardan olinadi. Shu maqsadda minglab tik artezian quduqlar burg‘ulandi, ularga davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak berildi.

Pandemiya balosi hamma joyda iqtisodiyotning yo‘lidagi  g‘ov, oyog‘idagi kishan bo‘lib turibdi. Shunga qaramay, bu yil tuman tarixida ilk bor eksport amaliyoti ro‘yobga chiqarildi. To‘g‘ri, unchalik katta emas, lekin buni xamir uchidan patir, deb bemalol aytish mumkin. Chunki, tuman qishloq xo‘jaligi asosan eksportbop mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashmoqda – mayiz, yong‘oq, bodom, pista va shunga o‘xshash noyob mevalarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Qisqasi, tumanda qaysi sohaga ko‘z tashlamang, qandaydir yangilik va o‘zgarishlarni ilg‘ab olasiz. Chorvachilikda chetdan nasldor mollar, qo‘y-echkilar olib kelib ko‘paytirilayotgani va tarmoq tubdan jonlantirilayotgani ham islohotlarga chuqur mazmun-mohiyat baxsh etmoqda. Ijtimoiy sohada, ayniqsa aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlar odamlarning rozi bo‘lishiga  qaratilgan. Tumandagi barcha tibbiyot maskanlari tubdan ta’mirlanib yoki qayta qurilib, zamonaviy shaklga keltirildi. Endigi navbat aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat  saviyasini oshirishga qaratilgan.

Bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan bolalarning 70 foizdan ko‘prog‘i bog‘chalarga qamrab olingan. Holbuki, bundan 3 yil avval  bu ko‘rsatgai atigi 9 foizni tashkil etgan, xolos. Ijtimoiy sohadagi ushbu jarayon tizimli va izchil kengaytirilmoqda.

Aholining iqtisodiy nochor qatlamini kambag‘allikdan chiqarish tumandagi eng muhim vazifalardan biridir. Ayni paytda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga  kiritilganlar soni bo‘yicha  viloyatda oldingi o‘rinlardan biri egallab turilgani bu borada hali ko‘p ish bajarilishi zarurligini bildiradi. To‘g‘ri, tumanda har yili ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, har holda hisobotlarda shunday! Biroq kambag‘allik darajasi pasaymayapti. Nega shunday? Bizningcha, buning sababi bitta: yoshlar uchun, umuman, aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilayotgan bo‘lsa-da, mehnatga munosib haq to‘lanadigan  yangi ish o‘rinlari, katta maosh olib ishlash yoshlarning ushalmas orzusi bo‘lib qolmoqda.

Demak, yoshlarning ezgu orzulari ro‘yobga chiqishi uchun tumanga katta sanoat korxonalari darkor. Lekin buning uchun yirik investitsiya, mablag‘ kerak. Bu borada tumanning imkoniyatlari logistik jihatdan   cheklangan. Ammo “Qalovini topsang qor yonadi”, deganlaridek, bu yerda bevosita Yurtboshimizning topshiriqlariga ko‘ra noan’anaviy yo‘l tanlandi va  xonaki tovuqchilikni rivojlantirishga qaror qilindi. Davlat soliq qo‘mitasi ko‘magida amalga oshirilayotgan ushbu loyihaga ko‘ra, bir yilda tumanda xonaki tovuqlar soni 1 million boshga yetkaziladi. Shu tariqa tuman o‘ziga xos yirik parrandachilik kompleksiga aylanadi. Mana  buni chinakam ambitsiya deyish  mumkin! Negaki, 1 million bosh parrandani avvalo topish, keyin boqish va undan mahsulot olish manaman degan komplekslarning ham qo‘lidan kelmaydi. Sarflanadigan mablag‘lar miqyosini-ku qo‘yavering. Xo‘sh, bu g‘aroyib loyiha qanday amalga oshiriladi?

– Yaponlarda shunday hikmat bor: “Bir kishini xursand qilmoqchi bo‘lsang – baliq sovg‘a qil, baxtli qilmoqchi bo‘lsang – baliq tutishni o‘rgat!”, – deya suhbatimizga qo‘shildi Davlat soliq qo‘mitasining ”Qo‘shrabot tumanida xonaki tovuqchilikni rivojlantirish va yetishtirish loyihasi” ofisi direktorining o‘rinbosari  Elshod Bo‘riyev. – Biz ana shu tamoyilga amal qilib, aholiga parrandachilikni   rivojlantirishni o‘rgatmoqdamiz. Odamlar tovuq boqishni bilmaydi, degan noto‘g‘ri fikrdan yiroqman. Ularning orasida parrandachilik sirlarini ipidan ignasigacha yaxshi biladigan, tushunadigan ishbilarmonlar bor. Biz ularga ko‘proq tayanamiz, tajribalarini ommalashtiramiz.

Sir emas, tuman hududiga chetdan har yili ming-minglab bosh jo‘ja keltiriladi, biroq ularning juda oz qismigina voyaga yetadi, aksariyati turli sabablarga ko‘ra nobud bo‘ladi. Oqibatda aholi tovuq ko‘paytirishni qanchalik xohlamasin, rejalari ro‘yobga chiqmay qolavergan. Biz ishni xuddi shu nuqtadan boshlab, jo‘jalarni aholining o‘zi yetishtirishni o‘rgatishga kirishdik. Buning uchun tumandagi 40 dan ziyod mahalla imkoniyatlari, tovuqchilikni rivojlantirishga talabgorlarning salohiyatini o‘rganib, birinchi bosqichda Farg‘onada xorij texnologiyasi asosida yig‘ilgan 94 dona EGG BOX inkubatorini tadbirkorlarga berdik. Joriy yil oxirigacha ularning umumiy sonini 200 taga yetkazmoqchimiz. Ana shu inkubatorlarning 38 tasi viloyat hokimi tashabbusi bilan “Temir daftar”ga kiritilgan xonadonlarga tekin berildi. Ushbu qurilmalarning umumiy quvvati yiliga 1 milliondan oshib ketadi. Demak, tumanning o‘zida shuncha jo‘ja ochiriladi va aholiga arzon narxlarda yetkazib beriladi. Yana bir muhim jihati, bu inkubatorlarda bedana, kaklik, g‘oz, o‘rdak, kurka jo‘jalarini ham ochib chiqarish mumkin. Ularni saqlash, kasalliklardan asrab qolish, qanday boqish masalalarida ofis mutaxassislari, veterinar vrachlari parrandaboqarlarga hamisha ko‘makdosh bo‘lishadi.

Yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi. Namuna mahallasidagi  inkubator sohibi Eldor Norqulov bilan suhbat chog‘ida amalga oshirilayotgan loyihaning maqsad va vazifalarini yanada teranroq anglaganday bo‘ldim.

– Inkubatorni 6  oylik imtiyozli davri bilan 3 yil  muddatga, yillik 14 foizli kredit asosida oldim, – dedi u kamida ikki hafta ilgari 528 dona tuxum joylashtirilgan qurilmaga ishora qilib. – Nasib qilsa, yana bir necha kundan so‘ng ilk jo‘jalar paydo bo‘ladi. Ularni 1-2 kun saqlaganimdan so‘ng qo‘shnilarimga tarqataman. Boshqa qishloqdoshlarimdan ham buyurtmalar kelib tushgan, ulardan ortganini esa bozorga olib chiqaman. Binobarin,  xonaki tovuq tuxumining ishqibozi ko‘p, shu bois uning narxi ham yuqori. Negaki, xonaki tovuq tuxumi oqsilga boy, parhezbop, ekologik toza mahsulot hisoblanadi va hamma joyda qadrlanadi. Inkubator to‘liq quvvat bilan ishlasa yiliga 5400-5500 dona jo‘ja ochadi, agar ularning har donasini 5 ming so‘mdan sotsak,  qancha daromad olishimizni hisoblab chiqish qiyin emas – 30 million so‘mdan oshib ketadi. Jo‘jalarni 15 kunlik qilib sotsak, bu ko‘rsatkich  yana ikki borabar ortadi.

Suhbatdoshim bilan xayrlashgach, tuman bo‘yicha tarqatilgan qariyb 200 dona  inkubatorni  birrov ko‘z oldimga keltirdim. Ular 100 foiz quvvat bilan ishlab tursa bormi, hammayoqni jo‘ja bosib ketadi-ya! Yetti xazinadan birining ko‘zi ochilgani shu emasmi?! Minglab fuqarolar, oilalar qo‘shimcha daromad sohibi bo‘ladi. To‘g‘ri, 50-60 bosh tovuq bilan odam boy bo‘lib ketmaydi. Lekin undan kelib turgan doimiy daromad oila byujetini mustahkamlaydi. Bu esa pirovardida kambag‘allikni qisqartirishga yaxshigina omil bo‘ladi. Muhimi, xonaki tovuqchilikni rivojlantirish loyihasi qo‘shrabotliklar tomonidan yaxshi kutib olindi va sidqidildan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu ham yetti xazina ko‘zining ochilishi uchun zarur shartlardan biri desak xato emas. Nima ham derdik, jo‘jani kuzda sanaymiz.

Norbobo ShAKAROV,

                          O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.

 P/S. Maqolaga nuqta qo‘yar chog‘imda har doimgidek ”svet”  o‘chdi. Beixtiyor xayolimni inkubatorlar nima bo‘ldiykin, degan bezovtalik chulg‘ab oldi. Axir ular doimiy quvvat bilan ta’minlanishi, uzilishlar bo‘lmasligi lozim, aks holda barcha sa’y-harakatlar chippakka chiqadi. Shu andisha, o‘ylar bilan yuqorida nomi keltirilgan tadbirkor tanishimga qo‘ng‘iroq qildim.

– Bir amalladim, aka, dvijogim bor edi, shuni qo‘shdim,– dedi u chuqur xo‘rsinib.

Bundan ma’lum bo‘ldiki, inkubatorlarning to‘la quvvat bilan ishlashi uchun ishonchli elektr ta’minoti ham bo‘lishi kerak ekan. Binobarin, Qo‘shrabotda amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning rivoji uchun bu muammoni  ham hal etish zarurga o‘xshaydi.