Qo‘shrabot jo‘jalarini kuzda sanaymiz! Bir oy ichida ularning soni bir milliontaga yetarmikan?!
Bir dona tuxum ming so‘m bo‘lsa, undan chiqqan jo‘ja o‘rtacha 5 ming so‘mdan sotiladi. Ayniqsa, xonaki tovuq va uning tuxumi qadri doim baland bo‘lgan. Buni qo‘shrabotliklar yaxshi biladi, ammo ular shu paytgacha bunday tovuq tuxumlaridan qisqa fursatda yuzlab jo‘ja ochirishning imkonini topolmagan. Xonaki tovuq yiliga o‘rtacha 250-300 ta tuxum berib, bor-yo‘g‘i 25-30 ta jo‘ja ochishi mumkin ekan.
Endi Qo‘shrabotda bir xonadonda xonaki tovuq tuxumlaridan oyiga 450-500 ta jo‘ja ochirish imkoniyati yaratildi. Tumanda Davlat soliq qo‘mitasi huzurida aholiga parrandachilikni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi “Loyiha ofisi” tashkil etildi. Ishsizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish orqali bandligini ta’minlash maqsadida xonaki tovuq yetishtirish va mahsulotni realizatsiya qilishning yaxlit tizimini yaratish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.
- Dastlab tajriba tariqasida 70 ta xonadonga subsidiya asosida 50 tadan xonaki tovuq va 5 tadan xo‘roz tarqatildi, - deydi “Loyiha ofisi” rahbari o‘rinbosari Elshod Bo‘riyev. - Shuningdek, imtiyozli kredit evaziga 548 dona tuxum sig‘imiga ega inkubatorlar berildi. Har bir xonadonda kuniga o‘rtacha 30 ta tuxum olish va bir oyda 450 ta jo‘ja chiqarish imkoniyati yaratildi. Ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlandi. Bugun bu ishga qiziquvchilar safi kengaymoqda.
- Qo‘shrabot qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejini bitirganimga 10 yildan oshdi, - deydi Qo‘rolos mahallasida yashovchi Eldor Norqulov. – Ishsiz edim. Tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari taklifi bilan 50 ta tovuq, 5 ta xo‘roz va zamonaviy inkubator oldim. Bugungi kunda ketma-ket tuxumlardan jo‘ja ochirib, ularni sota boshladim. Boshlanishi yomon emas.
“Loyiha ofisi” mutaxassislari tomonidan har bir xonadondagi tovuqlar, inkubatorlar va ulardan chiqqan jo‘jalar doimiy kuzatib borilyapti. Ularga o‘z vaqtida veterinariya xizmatlari ko‘rsatilishi va zarur ozuqa yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
70 xonadonda bu tajriba o‘zini oqlagach, keyingi bosqichda ushbu tizimni boshqa xonadonlarda ham joriy qilish maqsadida yana 200 nafar kishining ro‘yxati shakllantirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bir inkubatorda oyiga o‘rtacha 450 ta jo‘ja ochib chiqarilsa, bir yilda 200 ta xonadon bozorga 1 millionta jo‘ja yetkazib berishi mumkin. Bu bilan tumanda xonaki tovuq yetishtirishga ixtisoslashgan mahallalar klasteri shakllanadi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.