Samarqand turizm shahriga aylanadi

Geografik joylashuvi, tabiiy va madaniy resurslarga boyligi bilan hamisha xorijlik sayyohlarni o‘ziga jalb etib       kelmoqda. Bu esa turizmning turli shakllarini ildam rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining keyingi bir qator farmon va qarorlari viloyatimiz turizm salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Dilshod NARZIQULOV bilan suhbatimiz   shu haqda.
– Viloyat hududida 1105 arxeologik, 670 me’moriy, 37 diqqatga sazovor joy, 18 monumental, 21 memorial – jami 1851 ta moddiy-madaniy meros ob’yektlari mavjud, – deydi Dilshod Narziqulov. – Samarqand shahrining tarixiy qismi 2001 yilda YuNESKOning Butunjahon merosi ob’yektlari ro‘yxatiga "Samarqand – madaniyatlar chorrahasi" nomi bilan kiritilgan va muhofazaga olingan.

Viloyatda turistik xizmatlar bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lgan 85 ta turistik firma, 107 ta mehmonxona faoliyat ko‘rsatadi. Bir vaqtning o‘zida ular tomonidan 4500 ga yaqin sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Bugungi kunda tarixiy-madaniy, eko va agro, gastronomik, ekstremal va boshqa turistik yo‘nalishlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, ziyorat turizmi yo‘nalishida katta salohiyatga egamiz.
– Ziyorat turizmi xususida mufassal aytib o‘tsangiz.

– Musulmonlar ziyorat qilishi lozim bo‘lgan bir qancha islom dini va ta’limoti vakillari, silsilai oliyga mansub avliyolar hamda boshqa ulug‘ zotlarning maqbaralari Samarqandda joylashgan. Xususan, Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas kitob muallifi Imom Buxoriy, dunyodagi eng katta kalom maktablaridan biri Motrudiya asoschisi Imom Motrudiy, silsilai oliyga mansub Xo‘ja Ahrori Valiy, payg‘ambarimizning amakivachchasi Qusam ibn Abbos va boshqa ulug‘ zotlar maqbaralari shular jumlasidandir. Ushbu ziyoratgohlar sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan qadamjolar hisoblanadi. Masalan, Imom Buxoriy va Shohi Zinda majmualarini 2017 yilda 1 million 200 mingga yaqin sayyoh ziyorat qildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari respublika ishchi guruhi tarkibida Malayziya va Indoneziyada xizmat safarida bo‘lib, Samarqandning ziyorat turizmi yo‘nalishidagi imkoniyatlari, ulug‘ allomalarimiz merosini targ‘ib qilgan edi. Safar davomida o‘tkazilgan muzokaralar o‘zining samarasini bera boshladi. O‘z navbatida viloyat hokimligi tomonidan manfaatdor tashkilotlar bilan ziyorat turizmi yo‘nalishida sayyohlarni qabul qilishi belgilangan barcha ob’yektlar inventarizatsiyadan o‘tkazilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar bshlab yuborildi.
– Sir bo‘lmasa aytin-chi, ular qanday kamchiliklar edi?

– Buning sirli joyi yo‘q. Ziyorat turizmini rivojlantirishda o‘zimizga ko‘rinmaydigan kamchiliklarimizni aniqlash uchun musulmon davlatlari vakillari fikrlarini ham oldik. Masalan, Indoneziya va Malayziya davlatlaridan faoliyat ko‘rsatayotgan hamda endi qurilishi belgilangan mehmonxonalar bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar oldik.
Keladigan sayyohlar uchun taomnomada non o‘rniga qaynatilgan guruch va achchiq qalampir bo‘lishi shart ekanligi, restoranlarimiz halol taomlar tayyorlashsa ham "halol" sertifikati bo‘lmasa, xorijiy sayyohni qoniqtirmasligi, sanitariya-gigiyena uzellariga alohida talablar borligi va boshqa mayda, lekin juda muhim jihatlar aniqlandi. Turkiya fuqarolari xonalarida "bide", yaponiyalik mehmonlarning vanna va dush alohida bo‘lish bo‘yicha talablari inobatga olindi.
Ziyoratchilarning soni keskin oshishi kutilayotganligidan xabardor bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari bunga katta qiziqish bildirishmoqda. 2018 yilda 4 ta yangi restoran va kafe quriladi.

Hozirda viloyatdagi barcha mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarida eng kamida 30 foiz xonalari ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida qiblaga qaratilgan ko‘rsatkich, joynamoz va boshqa zaruriy jihozlar bilan jihozlandi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni bilan turizm sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratildi. Shunday emasmi?

– Viloyat hokimligi tomonidan turizm sohasi tadbirkorlik sub’yektlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan so‘rovnomalar shuni ko‘rsatdiki, aksariyat sayyohlar O‘zbekistonga kirish uchun viza olish qiyinligi hamda viza olish jarayonining uzoqligidan shikoyat qilishgan.
Prezidentimizning mazkur farmoni bilan Isroil, Indoneziya, Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalari ekipajining a’zolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etildi. Ushbu davlatlar fuqarolari uchun viza rejimining bekor qilinishi O‘zbekistonga, xususan, Samarqand viloyatiga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlarning soni keskin oshishiga olib keladi. Ayniqsa, Indoneziya, Turkiya va Malayziya davlatlari fuqarolarini ziyorat – turizm yo‘nalishiga keng jalb etishga zamin yaratadi.

Bu borada viloyatda katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Xususan, Imom Buxoriy majmuasida katta miqdordagi ziyoratchilarni qabul qilishga tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan. Ziyoratchilarni qabul qilish uchun majmua atrofida 40 gektar maydonda musulmonchilik talablari va "halol" standartlariga asosan 30 ga yaqin mehmonxona komplekslari, ovqatlanish shoxobchalari, dam olish maskanlari, xiyobon, bog‘lar va boshqa zaruriy infratuzilma inshootlari qurishga tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 fevraldagi "Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori bilan shu yilning 1 mayidan boshlab tranzit bo‘yicha harakatlanayotgan xorijiy yo‘lovchilarga kelishlari bilan 72 soatga qisqa muddatli kirish vizalarini berish joriy etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada Ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etiladi. Turistlar uchun yo‘nalishni mo‘ljalga olishni yengillashtirish maqsadida chet tillardagi (ingliz, rus va boshqa tillarda) ko‘rsatkichlar o‘rnatiladi. Turistlar tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Ichki turizm hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri sifatida qaraladi. Fuqarolarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari bilan tanishtirish maqsadida "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil" ichki turizmni rivojlantirish dasturi tasdiqlanadigan bo‘ldi. Unga ko‘ra ta’lim muassasalari o‘quvchilari, tashkilotlar xodimlari, yetim bolalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, pensionerlar hamda urush va mehnat faxriylari, faol xotin-qizlar, mahalla faollari va yosh oilalar respublikamiz bo‘ylab turistik ekskursiyalarga chiqishlari zarurligi, shunga monand turistik ekskursiya turlari, ularga xizmat ko‘rsatadigan tashkilot-mahkamalarning majburiyatlari belgilab qo‘yildi.

– Viloyatimizda tarixiy-madaniy ob’yektlardan boshqa ko‘rish mumkin bo‘lgan manzillar bormi?
– Hududlarda 30 ga yaqin yangi istiqbolli ob’yektlar, jumladan, Bulung‘ur tumani hududida Amir Temur bobomiz tomonidan qurilgan ko‘prik, Xo‘ja Hofiz maqbarasi hamda ilohiy hovuz borligi aniqlandi. Bundan tashqari, Qo‘shrabot tumanida eko va agro turizm imkoniyatlaridan foydalanmayotganimizni angladik. U yerda Pangat, Qizilbel, Qoratosh, Jonbuloq hududlarida ekstremal turizm yo‘nalishini joriy etish, aynan shu joylarda lochin ovini tashkil etish, Kattaqo‘rg‘on suv ombori atrofida tomoshabop, so‘lim va xushmanzara turistik zona yaratish, bu yerda mahalliy va xorijiy turistlar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha rejalarni belgilab oldik. Omborning sharqiy qismida yoshlar turizmi yo‘nalishida yoshlar ittifoqi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda "Yoshlar" yozgi turistik bazasini yaratish rejamiz ham bor.

– Sayyohlar oqimining ko‘payishi, albatta, o‘sha mamlakatlardagi turistik kompaniya va agentliklar o‘rtasidagi hamkorlik bilan belgilanadi. Bu borada ahvol qanday?
– O‘tgan uch oy davomida faqatgina turizm yo‘nalishi bo‘yicha 25 dan ko‘proq delegatsiya viloyatimizga tashrif buyurdi. Xususan, Turkiya davlatining ikkita yirik turoperatorlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, turk tarjimon-gidlarni tayyorlash markazi prezidenti va professori, Isroil davlatining OAV vakillari, Xitoy, Indoneziya, Tatariston, Ispaniya tadbirkorlari tashriflari davomida nafaqat muzokaralar o‘tkazishdi, balki ularning infrastruktura bo‘yicha fikrlari olindi. Bundan tashqari, Samarqand shahri Xitoyning Sian, Germaniyaning Bremen, Belgiyaning Lej, Braziliyaning Rio-de-Janeyro, Pokistonning Laxor, Bolgariyaning Plavdiv, Rossiyaning Krasnoyarsk va Samara, Fransiyaning Lion, Italiyaning Florensiya, Koreyaning Kyondju va boshqa shaharlari bilan birodarlik aloqalarini o‘rnatgan. 2018 yilda mana shu qardosh shaharlar bilan aloqalarni jonlantirish, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, ayniqsa, turistlarni ko‘proq jalb qilish choralari ko‘rilmoqda. Joriy yilda Ispaniyaning Valensiya, Yaponiyaning Nara, Turkiyaning Istanbul shaharlari bilan ham Samarqand o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatiladi.

– Mehmonlarni kutib olish, joylashtirish borasida qanday ishlar belgilanmoqda?
– Viloyatimiz bo‘yicha bugungi kunda yuzdan ortiq mehmonxona ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida to‘rt ming nafar mehmonni joylashtirish imkoniga egamiz. Biroq shu yilning yanvar oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatimizdagi mehmonxonalar xalqaro andazalarga to‘la javob bermasligi ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, mavjud mehmonxonalarning 9 tasi 4 yulduzli, 16 tasi 3 yulduzli bo‘lib, qolganlari mayda mehmonxonalar hisoblanadi. Shu sababli 2018-2019 yillarda barcha talablarga javob beradigan 23 ta yangi mehmonxona quriladi.

Bundan tashqari, joriy yilda "Afrosiyob Palas" mehmonxonasi rekonstruksiya qilinib, yana 500 nafar sayyohni joylashtirish imkoniyati yaratiladi. Tumanlarda katta mehmonxonalar qurish iqtisodiy jihatdan norentabelli bo‘lgani sababli uy-mehmonxonalarni rivojlantirishga e’tibor qaratilyapti. Shu yilda Qo‘shrabot, Urgut va Samarqand tumanlarida 30 ta ana shunday mehmonxona barpo etiladi.

Turizm uzoq muddatli investitsiyalarni talab qiladigan soha hisoblanadi. Masalan, endi qurib foydalanishga topshirilgan mehmonxonalar o‘zini oqlashi uchun 7-10 yil kerak bo‘ladi. Bugungi kunga qadar turizm sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida moliyaviy dastak mavjud emas edi. Prezidentimizning farmoni bilan tadbirkorlarga ikki tomonlama yengillik yaratildi. Yangi qurilayotgan mehmonxonalarga uzoq muddatli hamda imtiyozli kredit liniyasi tashkil etildi. Ushbu kredit liniyasidan unumli foydalanib, viloyatdagi mehmonxonalarda o‘rinlar soni yil oxirigacha 6 mingga yetkaziladi.
– Turoperatorlar bilan ishlash qay yo‘sinda yo‘lga qo‘yilgan?

– Bugungi kunda viloyatimizda 85 ta turistik firma faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur firmalarning tajriba va imkoniyatlaridan keng foydalanib, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida ishlarni tashkillashtirmoqdamiz. Ya’ni turistik firmalarni eng katta bozori (davlati)dan kelib chiqib, ularni guruhlarga ajratib, Indoneziya, Turkiya va Malayziya bilan ziyorat turizmi yo‘nalishida hamkorlik qilish uchun biriktirdik. Endilikda turfirmalar nomi zikr etilgan yuqoridagi davlatlarga o‘zining vakilini jo‘natib, Samarqandga tashkiliy ravishda turistlarni yuborishga amaliy yordam berishi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

– Samarqand shahriga tashrif buyuruvchi sayyohlarning asosiy qismi havo kemalari orqali kelishadi. Bu borada Samarqand xalqaro aeroporti muhim rol o‘ynaydi. Shunday emasmi?
– Mazkur masala Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonida o‘z ifodasini topgan. Bugungi kunda aeroport haftasiga 30 ga yaqin mahalliy va xorijiy yo‘nalishda aviaqatnovlarni amalga oshirayotgan bo‘lsa, mazkur farmon bilan yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 2018 yilda Indoneziya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov o‘rnatiladi. Tatariston poytaxti Qozon shahri bilan qatnov tiklanadi. Rossiyaning Yekaterinburg shahri bilan ham qatnov yo‘lga qo‘yiladi. Turkiyaning Istanbul shahri bilan aviaqatnov "O‘zbekiston havo yo‘llari" tomonidan shu yilning fevral oyidan boshlab haftasiga 2 marta amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Turkiyaning "Turkish Airlines" aviakompaniyasi haftasiga 3 ta reys tashkil etish taklifi bilan chiqqan.

Qozog‘istonning Olmaota va Tojikistonning Dushanbe shaharlari bilan avval charter reyslarni amalga oshirish, joriy yilning oxirigacha esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish masalalari ko‘rilmoqda.
– Demak, kelgusida xorijiy sayyohlar soni yanada ko‘payar ekan-da?
– Albatta. 2017 yil mobaynida viloyatimizga 1 million mahalliy, 249 mingdan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, shu yilning o‘zida mehmonlarimiz sonini bir necha barobar oshirish choralari ko‘rilmoqda. Joriy yilda turistik xizmatlar eksport geografiyasining Indoneziya, Malayziya, Singapur, Avstraliya kabi davlatlar hisobiga kengayishi kutilmoqda. Shuningdek, yil davomida Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy kabi davlatlardan sayyohlarni jalb etish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilgan. Ular mazkur masala yuzasidan ish olib bormoqda.

Men bugungi kunda Samarqand turizm salohiyatini yanada oshirish imkonini beradigan osori-atiqalarimiz, boshqa qadamjolarimiz, shuningdek, barpo etilayotgan "Samarqand siti" – turistik shaharcha xususida to‘xtalmadim. Bu borada yuqorida nomi qayd etilgan Prezidentimiz farmon va qarorlarida mufassal bayon etilgan. Umuman, sayyohlar oqimini ko‘paytirish o‘zimizga ham bog‘liq. Mavjud obidalar, qadamjolar, ziyoratgohlar va boshqa sayyohlik inshootlar jozibadorligini yanada oshirishga hissa qo‘shsak, shubhasiz, maqsadimizga erishamiz va Samarqand haqiqiy turistlar shahriga aylanadi.

Suhbatdosh: Adham HAYITOV.