"Samarqand va Antaliya yoshlari do‘stligi”: Turkiya yoshlari Samarqandda
Bugun Samarqand yana bir muhim xalqaro tashrifga mezbonlik qilmoqda. Turkiya yoshlari delegatsiyasining viloyatimizga tashrifi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarining yangi va istiqbolli bosqichi sifatida e’tirof etilmoqda.
Erta tongda Samarqand xalqaro aeroportida mehmonlarni viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi rahbariyati va faol yoshlar karnay-surnay sadolari ostida, o‘zbekona an’analarga xos tarzda kutib olishdi. Ushbu tashrif shunchaki sayohat emas, balki “Samarqand va Antaliya yoshlari do‘stligi” doirasidagi strategik hamkorlik loyihalarining amaliy ifodasi bo‘lib, ikki davlat yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Tashrifning madaniy qismida delegatsiya a’zolari shahrimizning dunyoga mashhur durdonalari — Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi va Shohi Zinda majmuasi kabi tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlar ajdodlarimizning yuksak me’morchilik mahorati va boy madaniy merosidan hayratda ekanliklarini bildirib o‘tdilar. Shundan so‘ng, tashrifning amaliy qismi Yoshlar kreativ shaharchasida davom etdi. Turkiyalik mehmonlar bu yerda yaratilgan sharoitlar, yoshlar uchun taqdim etilayotgan innovatsion imkoniyatlar va IT-loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Muloqotlar davomida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan dasturlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ikki tomon vakillari o‘zaro fikr almashib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan yangi g‘oya va takliflarni muhokama qilishdi.
Bu kabi uchrashuvlar nafaqat xalqaro aloqalarni mustahkamlashga, balki yoshlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi bilan g‘oyat ahamiyatlidir.
Tashrif doirasidagi madaniy tadbirlar va uchrashuvlar davom etmoqda.
Charos SAIDOVA.