Samarqand va Toshkent viloyatlarida sud-huquq masalalari bo‘yicha ommaviy qabullar o‘tkaziladi
Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar Oliy Kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi rahbar xodimlari ishtirokida joylarda ommaviy qabullar tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Islomov va Oliy sud raisi Kozimjon Komilov rahbarligidagi ishchi guruhlar joriy yilning mart-iyul oylari davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib, murojaatchilar bilan muloqot o‘tkazishadi.
Ommaviy qabullar navbati bilan har bir hududda o‘tkaziladi. Navbatdagi qabullar manzili – Samarqand va Toshkent viloyatlari.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Islomov rahbarligidagi ishchi guruhi joriy yilning 30 mart – 3 aprel kunlari Toshkent viloyatida, Oliy sud raisi Kozimjon Komilov rahbarligidagi ishchi guruhi esa 31 mart – 3 aprel kunlari Samarqand viloyatida ish olib boradi.
Ommaviy qabullar o‘tkaziladigan manzil va sanalar bilan quyida keltirilgan jadval orqali tanishish mumkin.
Keyingi ommaviy qabullar haqida oldindan ma’lum qilinadi. Qo‘shimcha ma’lumotlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlardagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilish mumkin.