Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi bir kunda 300 nafardan ortiq shaxslarga xizmat ko‘rsatadi

Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasida soliq to‘lovchilar navbat ko‘pligi, soliq to‘lash uchun kelganlar uchun yetarlicha sharoit yaratilmaganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda bir necha bor tanqid qilib o‘tildi. Shuningdek, soliq to‘lovchilar yozma va og‘zaki murojaat qilishdi.

Shahar davlat soliq inspeksiyasi rahbariyati mavjud kamchiliklarni bartaraf etib, fuqarolar tashrif buyuradigan xonaga televizorlar, konditsionerlar, soliq qonunchiligini yorituvchi targ‘ibot materiallari va ma’lumotlar, yorug‘ kutish joyi hamda o‘rindiqlardan iborat sharoitlar yaratildi.

Inspeksiyada 3 ta soliq to‘lovlarini qabul qiluvchi kassalar faoliyat yuritadi. Jumladan, ATIB "Ipoteka bank"ning 4-sonli, AKBK "Turon bank"ning 1-sonli va ATIB “Mikrokredit bank”ning maxsus kassalari fuqarolardan soliq to‘lovlarini qabul qilmoqda.

Bir kunda o‘rtacha 300 nafardan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga sifatli xizmat ko‘rsatiladi va mavjud muammolar tizimli hal etiladi.

Samarqand shahar DSIda aholi murojaatlari va soliq to‘lovlarini amalga oshirish uchun 29 nafar xodimlar biriktirilgan.

Jumladan, yuridik va jismoniy shaxslarning tashrif buyurgan holdagi murojaatlarini ko‘rib chiqish va ijrosini ta’minlash uchun 15 nafar xodimlar va xat orqali murojaatlari, ortiqcha to‘lovlarini qaytarish, ma’lumotlar bazasiga tuzatishlar kiritish, kadastr ma’lumotlari bilan bir xilligini ta’minlash va boshqa holatlardagi masalalarni bartaraf etish uchun 14 nafar xodim jalb qilingan.

Bundan tashqari, kadastr idorasidan ikki nafar mutaxassis fuqarolarning kadastr ma’lumotlarini soliq idorasi ma’lumotlari bilan solishtirish va birxillashtirish uchun inspeksiyada faoliyat olib bormoqda.

Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari  jismoniy shaxslarning soliq hisob-kitobi, tushuntirishlar va soliq qonunchiligi o‘zgarishlarini ma’lum qilish, qarzdorligi, to‘lovlari va ma’lumotlar bazasiga o‘zgartirish kiritish, solishtirma dalolatnomalar va boshqalar bo‘yicha 8 nafar xodimlar xizmat ko‘rsatadi.

2 nafar xodim jismoniy shaxslarning deklaratsiyalarini qabul qilish va ijara shartnomalarini ro‘yxatga olish masalalari bilan shug‘ullanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va STIRdagi pasport ma’lumotlari yuzasidan murojaatlar bo‘yicha 2 nafar xodimlar, yuridik shaxslar murojaatlari va solishtirma dalolatnomalar hamda boshqa ma’lumotlar bo‘yicha 2 nafar xodimlar soliq to‘lovchilarning xizmatiga shay.

Bundan tashqari, yuridik shaxslar va jismoniy shaxslarning ortiqcha to‘lovlarni qaytarish yoki boshqa soliq turiga o‘tkazish, soliq qarzdorligiga so‘ndirish, imtiyozlarni hisobga olish va boshqa vazifalar bo‘yicha 14 nafar xodimlar faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, “Soliq-servis” DUK shahar bo‘limi mutaxassislari ham soliq to‘lovchilarga ushbu joyda yordam berishlari mumkin.

Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi rahbariyati soliq to‘lovchilardan ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish bo‘yicha taklif va mulohazalarni eshitishga, ko‘rib chiqishga har doim tayyor.

Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi,

Matbuot xizmati.