Samarqand viloyat kardiologiya dispanserida tibbiy xizmatlar qimmatmi?
Kecha internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyat kardiologiya dispanserida tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun uzundan uzoq navbat yuzaga kelayotgani va davolanish uchun tibbiy xizmatlarning yuqoriligi (10 kun uchun 2 million so‘m) haqida xabarlar tarqaldi.
Bu gaplar nechog‘lik to‘g‘ri?
Masalaga oydinlik kiritish maqsadida dispanserda bo‘ldik.
– Ko‘rikdan o‘tish uchun bemorlarning uzoq navbat kutib qolishi boisi – muassasamizning viloyatda yagona ekanligi bilan bog‘liq, – deydi Samarqand viloyat kardiologiya dispanseri bosh vrachi Shahodat Sodiqova. – Qolaversa, aholi tumanlardagi poliklinika va davolash muassasalari faoliyatidan ko‘ngli to‘lmagani uchun bizga murojaat qiladi. Bundan tashqari, qo‘shni viloyatlardan keluvchilar ham juda ko‘p. Shu sababli ayrim kunlarda poliklinikamizda murojaat qiluvchilar ko‘payib ketib, uzun navbatlar yuzaga keladi.
To‘lov masalasida shuni aytishim kerakki, muassasamizga keladigan bemorlarning 80 foizi to‘lovni amalga oshirib, pullik xizmatdan foydalanadi. 20 foiz bemorlargina maxsus order bilan kelib, to‘liq bepul davolanadi. Tibbiy xizmat narxlari «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash profilaktika muassasalarida pullik tibbiy xizmatlarga narxlarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom»ga asosan belgilangan. Bu narxnoma muassasaning kirish joyidan boshlab har bir qavatida ko‘zga ko‘rinarli joylarga ilib qo‘yilgan.
Dispanserimizda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat turlari bo‘yicha narxnoma rejasiga binoan birinchi bo‘lim va lyuks palatada bir o‘rin uchun kunlik to‘lov tibbiy tekshiruv, dori-darmon va uch mahal ovqatlanishni o‘z ichiga oladi va 200 ming so‘mdan oshadi. Ammo bemorning holatidan kelib chiqib, bu ko‘rsatkich kamayishi, ya’ni kunlik 110 ming so‘mdan 160 ming so‘mgacha bo‘lishi ham mumkin.
H.Eltoyev.