Samarqand viloyati byudjetidan koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun qancha mablag‘ ajratiladi?

Xalq deputatlari viloyat Kengashining bu galgi sessiyasida ham mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Sessiyada qabul qilingan qarorga ko‘ra, viloyat mahalliy byudjetining joriy yil 1 iyul holatiga daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga dori-darmon zaxirasini yaratish uchun 3 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Koronavirus (COVID-19)ga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida 53 ta “Damas” avtomashinasi xaridi uchun 4 milliard 215 million so‘m beriladi.

Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan 2 milliard 800 million so‘m davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplashga yo‘naltiriladi.

Sessiya davomida, shuningdek, joriy yilning 2-choragida viloyat byudjeti daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi va maqbullashtirilgan mablag‘lar hisobidan xalq deputatlari viloyat Kengashining kotibiyatini tashkil qilish va boshqa tadbirlarga tegishlicha mablag‘lar yo‘naltirilishi belgilandi.