Samarqand viloyati hokimi E.TURDIMOV: “Ezgu fazilatlar xalqimizning yuragida, qalbida mujassam”

Muhtaram Prezidentimiz xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olib, hozirgi pandemiya sharoitida aholimizning yordam va ko‘makka muhtoj qatlamlarini aniq, manzilli asosda qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish g‘oyasini ilgari surdi.
Bu tashabbus barcha yurtdoshlarimiz kabi samarqandliklar qalbini ham jo‘shdirib, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shmoqda. Shu bois ham bu qutlug‘ harakat har birimizning kundalik hayotimiz mag‘ziga, insoniy burchimizning ham qarzi, ham farziga, davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylandi. Aslida bunday ezgu intilish va fazilatlar xalqimizning yuragida, qalbida mujassam.
Davlatimiz rahbari shu yil 20 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida xalqaro va milliy talablarga to‘liq amal qilgan holda, mamlakatimizda karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatish, shu asosda tezroq normal hayotga qaytish bo‘yicha dastlabki chora-tadbirlarni belgilab bergan edi. 22 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektorda esa aholi bandligini ta’minlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish vazifalari, shu jumladan, karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasi Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida muhokama qilindi. Har bir yo‘nalish va kesimda bajarilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan aniq topshiriq va vazifalar belgilab berildi. Ularni muqaddas oy davomida o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlab yubordik.
Haqiqatan, kun sayin o‘zgarayotgan vaziyat aholi bandligini ta’minlash va muhtoj oilalarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab qilmoqda. Bugungi kunda viloyatimizda 3,8 million kishi 904 ming oilada istiqomat qilib kelmoqda. Pandemiya boshlangunga qadar mehnat bozorida ishsizlik darajasi 9,3 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, xorijiy davlatlardan mehnat muhojirlarining qaytib kelishi va vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolar hisobiga bu miqdor 11,1 foizga yetishi kutilmoqda.
Ma’lumki, Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida kambag‘allikni qisqartirish masalasi ko‘tarilib, uni kamaytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ko‘rib kelinyapti. Tahlillar viloyatimizda daromad notekis taqsimlanganligini ko‘rsatmoqda. Shu bois kambag‘allikning yuqori darajasi va o‘rta hol aholining umumiy aholi sonidagi ulushining eng past ko‘rsatkichi ham ba’zi tumanlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ana shunday oilalarni aniqlash bo‘yicha o‘rganishlar natijasida bugungi kunda 47,7 mingta (222,4 ming nafar fuqaro) muhtoj oilalar mavjudligi aniqlandi (shundan 18 mingga yaqin fuqarolar chet eldan viloyatimizga qaytib kelgan mehnat muhojirlari hisoblanadi).
Albatta, Prezidentimiz qayd etganidek, kambag‘allikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini ko‘paytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga o‘qitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uyg‘otish, infratuzilmani yaxshilash, manzilli nafaqa to‘lash tizimini joriy qilish kerak. Xuddi shu nuqtai nazardan o‘tkazilgan tahlillar natijasida muhtojlik darajasidagi aholining 19 609 nafari mutaxassislikka ega bo‘lib, hozirgi kunda ishsizligi, 35 776 nafari shaxsiy tomorqasida band qilish imkoniyati mavjudligi, 39 615 nafari mutaxassisligi bo‘lmagan ishsizlar borligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida ular bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning amaliy va manzilli bo‘lishini ta’minlaydi.
Prezidentimiz keyinngi 3 yil mobaynida tadbirkorlarni bevosita qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining shu yil 3 aprelda “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni va undan keyin qabul qilgan qarorlarida ularga berilgan turli xil imtiyoz va preferensiyalar, soliq ta’tillari, imtiyozli bank kreditlari va qo‘shimcha yengilliklar tufayli viloyatimizning aksariyat ishlab chiqaruvchilari iqtisodiy barqarorlikni hamda ish o‘rinlarini saqlab qolishiga erishildi.
Joriy yilning mart - aprel oylarida:
- 3906 ta tadbirkorning 798,0 mlrd. so‘mlik kredit qarzdorliklari muddatlari 6 oyga uzaytirildi;
- Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan 734 ta tadbirkorlik sub’yektlariga 217,8 mlrd. so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatildi.
- turizm sohasidagi 455 ta sub’yektlarga yer, mulk soliqlari hamda ijtimoiy soliqning 12 foizdan 1 foizga pasayishi hisobiga jami
2,4 mlrd. so‘m soliqlardan imtiyozlar qo‘llanildi.
- 1276 ta tovarlarni realizatsiya qilish aylanmasi oyiga
1 mlrd. so‘mdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qo‘llaydigan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarga 27,8 mlrd. so‘m soliqlarni choraklik to‘lash huquqi berildi.
- 9 641 ta qishloq xo‘jaligi korxonalari suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 69,7 mlrd. so‘mga (50 foizga) pasaytirildi va hokazo...
Viloyatda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida amaliy ishlar ham boshlab yuborildi. Tadbirkor va fermerlar munosib hisasini qo‘shadi.
Erkinjon TURDIMOV
Samarqand viloyati hokimi.