Samarqand viloyati hokimining Toyloqda o‘tkazilgan sayyor qabulida 216 murojaat o‘rganildi
Avval xabar berganimizdek, bugun - 2 iyul kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Toyloq tumanidagi markaziy istirohat bog‘i hududida ommaviy sayyor qabul o‘tkazdi.
Qabul chog‘ida fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, adolatni qaror toptirishga alohida e’tibor qaratildi.
Sayyor qabul jarayonida Toyloq, Samarqand, Urgut tumanlari va Samarqand shahrida yashovchi 216 nafar fuqaroning turli ijtimoiy, iqtisodiy va maishiy masalalarda qilingan murojaatlari diqqat bilan tinglandi. Bu holatlar viloyat hokimi, shuningdek, murojaat qilingan masalaga daxldor rahbarlar ishtirokida chuqur tahlil qilgan holda bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Mavjud murojaatlarda keltirilgan muammolar joyida hal etildi, murojaatchi talabi qondirildi. Muddat taqozo etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi.