Samarqand viloyati injiniring kompaniyasi tadbirkorga 620 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ni to‘lamagan. Nega?

Joriy yilning iyun oyida Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga “Umidjon gaz-suv qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari S.Bozorov viloyat injiniring kompaniyasi tomonidan shartnoma shartlari bajarilmayotganligidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. 

Murojaatni o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, viloyat injiniring kompaniyasi hamda “Umidjon gaz-suv qurilish” MChJ o‘rtasida 2019 yil 29 aprel kuni Past Darg‘om tumani Go‘zalkent mahallasi hududida joylashgan 46-maktabgacha ta’lim tashkilotini mukammal ta’mirlash ishlarini bajarish yuzasidan pudrat shartnomasi rasmiylashtirilgan. 

Mazkur pudrat shartnomasiga asosan “Umidjon gaz-suv qurilish” MChJ loyiha-smeta hujjatlarida ko‘zda tutilgan qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish majburiyatini olgan. Viloyat injiniring kompaniyasi esa pudratchiga bajarilgan ishlar uchun zarur sharoitlarni yaratish, bajarilgan ishlarni qabul qilish va to‘lovni amalga oshirish majburiyati yuklatilgan. 

Biroq buyurtmachi tomonidan shartnoma shartlariga asosan “Umidjon gaz- suv qurilish” MChJga to‘lanishi kerak bo‘lgan pul mablag‘lari to‘lanmagan. 

Holat yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan pudratchi “Umidjon gaz-suv qurilish” MChJ manfaatini ko‘zlab Samarqand shahar iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi. 

Sudning hal qiluv qarori bilan mazkur da’vo arizasi qanoatlantirilib, viloyat injiniring kompaniyasi zimmasiga “Umidjon gaz-suv qurilish” MChJ foydasiga 628 million 461 ming 422 so‘m miqdorda pul mablag‘larini to‘lash majburiyati yuklatilgan. 

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi.