Samarqand viloyati muzeyi nega "res­publika muzeyi" darajasiga ko‘tarilgan?

Samarqandda dastlabki muzey XIX asrning ikkinchi choragida hududdagi madaniy boyliklarni muhofaza qilish, ularning xorijga chiqib ketishining oldini olish maqsadida tashkil etilgan. Bunda Hafiz Samarqandiy va Mirzo Abdulla Buxoriyning kolleksiyalari asos bo‘lgan.

1874 yilda Zarafshon okrugi mahkamasida tashkil etilganSh norasmiy muzey oradan bir muddat o‘tib, 1883 yilda chor Rossiyasi ma’murlari talabi bilan yopiladi.

1896 yil 21 iyulda V.Vyatkinning faol ishtirokida viloyat statistika komiteti qoshida Samarqand muzeyi rasman tashkil etiladi. Dastlabki kunlardan statistika komiteti a’zolari, o‘lkashunos va sharqshunoslar muzeyga navbat bilan rahbarlik qilgan. Ular ichida Samarqandda muzey ishi rivoji uchun katta ishlarni amalga oshirgan, muzey direktori sifatida 1902 yildan 1911 yilgacha, so‘ngra 1923 yildan 1930 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan Vasiliy Vyatkinning xizmatlari beqiyosdir.

V.Vyatkin 1869 yilda Semirecheda tug‘ilgan. Ulg‘aygach, Toshkentda o‘qituvchilar tayyorlaydigan seminariyada o‘qiydi. 1894 yilda mazkur seminariyani tamomlagach, Samarqandga yuboriladi. U oldiniga xalq o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi, ko‘p o‘tmay, viloyat boshqarmasiga tarjimon, keyinroq ish yurituvchi vazifasiga tayinlanadi. Ilmiy o‘lkashunoslikka bo‘lgan havasi uni Turkis­ton statistika komitetining Samar­qand bo‘limi faoliyati bilan bog‘laydi va ko‘p o‘tmay o‘sha komitetga a’zo qilib saylanadi hamda uning kutubxo­nasini boshqaradi.

V.Vyatkinning viloyat statistika komitetidagi faoliyati keyinchalik uning qoshida tashkil etilgan muzey bilan bog‘lanadi. U 1902 yilda Samarqand muzeyiga rahbarlikni boshlar ekan, Afrosiyob shahristonida va boshqa hududlarda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida yig‘ilgan ashyolar hisobiga Samarqand muzeyi kolleksiyalarini boyitib boradi. Dastlabki vaqtda cherkov binosidagi kichik bir xonada tashkil etilgan muzey kolleksiyalarining ko‘payib borishi uchun alohida bino barpo etishni taqozo qiladi. Shu maqsadda V.Vyatkin sa’y-harakati bilan 1901 yilda ko‘tarilgan ushbu muammo 1911 yilda o‘z yechimini topadi. Muzey uchun maxsus bino (hozirgi Abu Rayhon Beruniy nomidagi axborot-resurs markazi) qurib bitkaziladi va muzey yangi binoga ko‘chiriladi.

XX asr boshlarida V.Vyatkin viloyat statistika komiteti va Samarqand muzeyida etnografiya hamda arxeologiya sohasida yetakchi olim hisoblangan. Arxiv manbalariga ko‘ra, Samarqand muzeyiga V.Andreyev rahbarlik qilgan vaqtda V.Vyatkin statistika komiteti a’zosi sifatida Samarqand muzeyining ilmiy-ma’rifiy ishlarida qatnashib, qadimgi Sharq va etnografiya, Turkiston xalqlari tangalari va medallari bo‘limlari katalogini tuzish ishlariga mas’ul etib tayinlangan. Samarqand muzeyi dastlab viloyat statistika komiteti muzeyi sifatida ish boshlagan. Komitet a’zolari bir vaqtning o‘zida muzey xodimlari sifatida ham faoliyat olib borishgan.

Samarqand yodgorliklarini asrab-avaylash, ularni ilmiy ro‘yxatga olish borasidagi ishlari tufayli V.Vyatkin viloyat gubernatori tomonidan yiliga 600 rubl maosh bilan Samarqand yodgorliklarining kuzatuvchisi etib tayinlanadi. Ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi inobatga olinib, Rus komitetining muxbir a’zosi etib saylanadi. V.Vyatkin o‘zining arxeologik tadqiqotlari natijasida yig‘ilgan buyumlarni imkoniyat darajasida Samarqand muzeyida qoldirishga harakat qilgan. Chunki o‘sha vaqt­da mahalliy boshqaruv tomonidan ilmiy loyihalar qo‘llab-quvvatlanmagan, markazdan kelgan turli ilmiy tashkilotlar o‘z mablag‘lariga tashkil etgan arxeologik ekspeditsiyalar natijasida qo‘lga kiritilgan madaniy boyliklarni Rossiya imperiyasining turli muzeylariga olib keti­shar edi. 1904 yil yozida Afrosiyob xarobalarida olib borilgan qazish ishlari natijasida loydan, shishadan, temirdan yasalgan buyumlar va koshinlar topiladi. Topilmalarning yarmi imperator arxeologiya komissiyasi talabi bilan Ermitajga olib ketilgan. Qolgan yarmi esa V.Vyatkinning harakatlari tufayli Samarqand muzeyida qoldiriladi. V.Vyatkin 1908-1909 yillarda doimiy yo‘ldoshi samarqandlik olim Abu Said Maxsum ko‘magida Ulug‘bek rasadxonasining o‘rnini aniqladi. Rus arxeologiya jamiyati 1910 yilda Ulug‘bek rasadxonasi qoldiqlarini topganligi uchun uni akademik V.Rozen nomidagi oltin medal bilan, hamrohi Abu Said Maxsumni esa Rus komiteti 100 rubl bilan mukofotlaydi.

V.Vyatkin 1923-1930 yillarda ikkinchi marta Samarqand muzeyiga rahbarlik qilgan paytlari­da ilmiy tadqiqot ishlari viloyat doirasidan chiqib, respublikaga yoyiladi. Jumladan, 1927-1929 yillarda uning rahbarligida Termiz va Xorazmga ekspeditsiyalar tashkil etiladi. Ekspe­ditsiyalar natijasida ko‘plab noyob madaniy boyliklar yig‘iladi. Endilikda Samarqand muzeyida yig‘ilgan kolleksiyalar butun respublika hududiga daxldor edi. Shu tufayli muzey «viloyat muzeyi» darajasidan «res­publika muzeyi» darajasiga ko‘tariladi. Samarqand muzeyi respublika muzeyi maqomini olib, «O‘zbekiston markaziy davlat muzeyi» deb atala boshlaydi.

V.Vyatkinning hayotligida yig‘ilgan, turli davrlarga oid mis va kumush tangalar, turli sopol idishlar bo‘laklari va gipsdan ishlangan buyumlardan iborat 559 dona arxeologik ashyo 1933 yilda Samar­qand muzeyiga topshiriladi, kolleksiyaning bir qismi esa Ermitajga yuboriladi. Uning 190 tomdan iborat qo‘lyozmalari O‘zbekiston davlat xalq kutubxonasiga topshiriladi. Shu yilning o‘zida mazkur kutubxona­ning Sharq qo‘lyozmalari bo‘limiga o‘tkaziladi. Ushbu kolleksiyaning dastlab alfavitli ro‘yxati, keyinchalik yalpi ro‘yxati tuziladi, unda noyob qo‘lyozmalar mavjud. XVI asr, jumladan, shayboniylar davri qo‘lyozmalari va O‘rta Osiyoda darveshlar qo‘zg‘oloniga doir adabiyotlar ancha to‘la mujassamlashgan edi. 700 ga yaqin sud va notarial xarakterdagi va samarqand­lik qozi Mulla Bek Muhammad Umarbiyga mansub bo‘lgan (1588-1591 yillar) hujjatlarni o‘z ichiga olgan XVI asr to‘plami ayniqsa, qimmatli. 1943 yilda ushbu kolleksiya Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zFA Sharq­shunoslik institutiga topshiriladi.

Afsuski, V.Vyatkin tadqiqotlarining ko‘pchiligini qog‘ozga tushirmagan yoki nashr ettirmagan. ­Uning vafotidan so‘ng olimning shaxsiy arxivi turmush o‘rtog‘ining roziligi bilan 1936 yilda Termizdagi Surxon­daryo davlat okrug muzeyiga olib ketiladi. Biroq tegishli dalolatnomalarda shaxsiy arxiv ro‘yxati keltirilmagan. 1947 yil sentyabr oyida O‘zbek xalqi madaniyati respublika muzeyi (o‘sha paytda Samarqand muzeyi shunday atalgan) mudiri M.Yusupov tashabbusi bilan V.Vyatkinning shaxsiy arxivi Samarqand muzeyiga olib kelinadi. Bu yerda ham arxiv ro‘yxati keltirilmagan. Shuning uchun olimning shaxsiy arxivida qanday hujjatlar bo‘lganligini tasavvur qilish qiyin. Hozirgi vaqtda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida V.Vyatkinning «Samarqand me’moriy yodgorliklari», «Buxorodagi Amir Ismoil maqbarasi» asarlari qo‘lyozma nusxalari saqlanadi. Ushbu asarlar va olimning arxeologik kolleksiyasi katalogi muzey-qo‘riqxona xodimlari tomonidan nashrga tayyorlanmoqda.

Mahmudxon Yunusov,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.