Samarqand viloyatida 5 ta okrugda takroriy ovoz o‘tkaziladi

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligi uchun kechgan saylovda 56 okrugda deputatlar saylangani, 4 okrugda nomzodlarning birontasi ham yetarli miqdorda ovoz ololmagani tufayli deputatlar saylanmaganini e’lon qilgandi.

Okrug saylov komissiyalarining yakuniy bayonnomalari o‘rganib chiqilganda, yana 1 ta saylov okrugida saylov natijalarini aniqlash jarayonida xatolikka yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Bu haqda viloyat saylov komissiyasining navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.

Brifingda komissiya raisi S.Nuriyevning qayd etishicha, xatolik saylov natijalarini hisoblash bilan bog‘liq bo‘lib, to‘plangan ovozlarni nomzodlar o‘rtasida foiz ko‘rinishida taqsimlashda yuz bergan.

Ya’ni, 45-Arabxona saylov okrugida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarning birontasi ham yetarli miqdorda ovoz ololmaganligi sababli mazkur okrugdan deputat saylanmadi.

Saylov kodeksiga muvofiq saylov okrugi bo‘yicha deputatlikka nomzodlardan qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan hech biri saylanmasa, eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

Mazkur normaga ko‘ra, 2020 yilning 5 yanvar, yakshanba kuni 1-Bog‘ibaland, 5-Sattepo, 22-Jo‘sh, 50-Do‘stlik hamda 45-Arabxona saylov okruglarida takroriy saylov o‘tkaziladi.

Takroriy saylovda mazkur okruglarda ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod ishtirok etadi.

Siyosiy partiyalar kesimida oxirgi natijalar quyidagicha:

1. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan – 13 nafar.
2. O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasidan – 12 nafar.
3. O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – 11 nafar.
4. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 10 nafar.
5. O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – 9 nafar nomzod xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga saylandi.
Ushbu saylangan deputatlarning 20 nafarini ayollar tashkil etadi.