Samarqand viloyatida COVID-19 bilan davolanayotgan bemorlar statistikasi yuzasidan

Bugun OAV orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Samarqand viloyatida COVID-19 bilan davolanayotgan bemorlarning muqobil statistikasini keltirdi” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilindi.

Shu munosabat bilan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagilarni ma’lum qiladi.

Darhaqiqat, joriy yilning 6 oktyabr kuni Agentlikda OAV
va blogerlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida COVID-19 bilan davolanayotgan bemorlarning Samarqand viloyati kesimidagi statistikasi haqida so‘z yuritilgan. Xususan, Agentlik rahbari tomonidan rasman e’lon qilingan ko‘rsatkichlar (143 nafar bemor) va Sog‘liqni saqlash vazirligi viloyat boshqarmasi tomonidan Agentlikka taqdim etilgan ma’lumotlarda (1155 nafar bemor) farqlar mavjudligi aytib o‘tilgan.

Biroq, Agentlik rahbari tomonidan bildirilgan ushbu fikr COVID-19 bilan davolanayotgan bemorlarning muqobil statistikasi deb talqin qilinishiga asos bo‘lmaydi. Bundan tashqari, tadbirda ushbu masala yuzasidan yana qo‘shimcha o‘rganishlar o‘tkazilishi lozimligi bildirib o‘tilgan.

O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyatida bugungi kun holatiga 136 nafar bemor COVID-19, qolgan bemorlar esa ORVI, pnevmoniya va boshqa kasallik belgilari bilan davolanmoqda.

Shu munosabat bilan, taqdim etilgan ma’lumotlar Agentlik tomonidan qo‘shimcha o‘rganishlar yakunlangandan so‘ng rasmiy bayonot sifatida jamoatchilikka yetkaziladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati.