Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning byudjet oldidagi qarzdorligi 310,6 mlrd. so‘mni tashkil etadi
Joylarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yangi yo‘llar, maktablar, ijtimoiy soha obe’ktlari qurilayotganiga har bir hamyurtimiz guvoh bo‘lib turibdi. Amalga oshirilayotgan ishlarga tadbirkorlar, qolaversa har birimiz to‘layotgan soliqlar orqali o‘z hissamizni qo‘shib kelyapmiz.
- Shu o‘rinda qishlog‘ida yo‘li ta’mirtalab, simyog‘ochlari eskirgan, maktabining tom qismi almashishi kerak bo‘lgan fuqarolarda haqli savol tug‘ilishi aniq, - deydi viloyat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Davron Ravshanov. - “Biz ham soliqlarni to‘layapmizku! Nimaga bizning muammolar o‘z yechimini topmayapti!”. Bunyodkorlik ishlari Davlat dasturlari, “Open byudjet” orqali bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Tezroq amalga oshirilishi uchun esa ko‘proq mablag‘ zarur. Turli sabablar bilan soliqlarni to‘lamasdan, soliq qarzdorliklarini yuzaga keltirgan tadbirkorlik sub’yektlarining “sharofati” bilan ko‘plab ishlar ortga suriladi.
Joriy yilning 1 iyun holatiga Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning byudjet oldidagi jami qarzdorligi 310,6 mlrd. so‘mni tashkil etib, yil boshiga (408,0 mlrd. so‘m) nisbatan 97,4 mlrd. so‘mga kamaygan.
Ushbu mavjud soliq qarzdorliklarini bevosita sohalar kesimida tahlil qilsak. Bu borada “birinchilik” fermer xo‘jaliklarida. Ularning bugungi kundagi qarzdorliklari 148,6 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Shuningdek, vazirlik tarkibidagi korxonalarda 5,8 mlrd. so‘m, savdo (chakana va ulgurji) tizimidagi korxonalarda 40,8 mlrd. so‘m, qurilish tizimidagi korxonalarda 30,0 mlrd. so‘m, transport tizimidagi korxonalarda 2,7 mlrd. so‘m, umumiy ovqatlanish korxonalarda 1,8 mlrd. so‘m, boshqa korxonalarda 80,7 mlrd. so‘mni tashkil qiladi.
Ta’kidlash lozimki, soliq qarzini undirish va qisqartirish borasida viloyat soliq xizmati organlari xodimlari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda muayyan ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida soliq qarzi mavjud korxonalar hisobidan 253,5 mlrd. so‘m mablag‘ undirildi.
Shuningdek, Soliq kodeksining 116-moddasi talablari asosida 415,2 mlrd. so‘mlik qarzdorlik yuzasidan 63 702 ta ogohlantirish talabnomalari berildi.
Belgilangan muddatlarda soliq qarzini to‘lamagan korxonalarning 163,8 mlrd. so‘mlik soliq qarzini mol-mulkidan undirish yuzasidan 11 917 holatda soliq xizmati organlari qarorlari tayyorlanib, majburiy ijro byurosi hududiy bo‘limlariga yuborildi.
Hamkorlikda 372 ta qarzdorlarning 177 ta noturar binolari, 42 ta avtotransport vositalari, 62 ta maxsus texnikalari va 53 ta boshqa turdagi mol-mulklari xatlandi. Shundan, Majburiy ijro byurosi hududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda byudjetga 62,6 mlrd. so‘m soliq qarzi undirildi.
Hurmatli tadbirkorlar, siz to‘lamasdan yuzaga keltirgan soliqlaringiz hisobidan juda ko‘p muammolar o‘z yechimini topishi mumkin. Shunday ekan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashni unutmang!