Samarqand xalq ta’limi muassasalarining yana 27600 nafar xodimi grippga qarshi emlanmoqda

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim maktablarining barchasida pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda an’anaviy darslar tashkil etilgan.

Ayni paytda o‘quvchilar salomatligini muhofaza qilish, shu bilan birga, o‘qituvchilarning turli yuqumli kasalliklarga chalinishining oldini olish maqsadida bepul tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Xalq ta’limi vazirligining 2020 yil 15 sentyabrdagi qo‘shma qaroridan kelib chiqib, boshqarmasi tasarrufidagi 1255 ta umumta’lim maktablarining 56370 nafar pedagog-xodimlariga 494 766 dona gidroksixloroxin va 824 610 dona sink mikroelementi mavjud dori vositalari tarqatildi.

Sog‘liqni saqlash hamda Xalq ta’limi vazirliklarining 2020 yil 2 oktyabrdagi “Umumta’lim muassasalarida gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, umumta’lim muassasalari o‘qituvchi hamda xodimlarini grippga qarshi emlash ishlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaroriga asosan birinchi bosqichda boshqarma tasarrufidagi umumta’lim muassasalarining 28 ming nafar o‘qituvchi va xodimlari gripp va o‘tkir respirator infeksiyalarga qarshi emlangandi. Joriy yilning 2 noyabr kunidan emlash ishlarining ikkinchi bosqichi ham boshlandi. Ushbu bosqichda 27600 nafar umumta’lim muassasalari xodimlari emlanishi ko‘zda tutilgan.

Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar har kuni ko‘plab o‘quvchilar bilan dars soatlarida muloqotda bo‘layotgan o‘qituvchilarning salomatligini asrashga xizmat qilmoqda.

Murodilla YaKUBOV,

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi sho‘’ba mudiri.