Emlash Samarqandda qachon, qayerda va qay yo‘sinda amalga oshiriladi?

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab fuqarolar “SOVID-19” infeksiyasiga qarshi emlash ishlari Samarqandda qachon, qayerda va qay yo‘sinda amalga oshiriladi, degan mazmundagi savollarga javob izlayapti. Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassisi Shoira XALILOVA bu holatga oydinlik kiritdi.

- Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xabar berishicha, bugungi kunda dunyo mamlakatlarining ayrimlarida koronavirusga qarshi emlash ishlari olib borilmoqda, - dedi Sh.Xalilova. - Jumladan, yurtimizda ham “SOVID-19” pandemiyasi davrida vaksinatsiya jarayoniga tayyorgarlik tadbirlari Toshkent shahri va barcha viloyatlarda amalga oshirilmoqda. Ya’ni, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, qisqa fursatda sertifikatlangan, koronavirus kasalligiga qarshi vaksina kirib kelishi bilan vaksinatsiya ishlari boshlab yuboriladi. Bu tadbirni amalga oshirishda birinchi galda xavf guruhi - tibbiyot xodimlari va surunkali kasalligi bo‘lgan aholi qatlamini emlash rejalashtirilgan. Shu sababli bugungi kunda respublika bo‘ylab barcha viloyatlarda ularning soni aniqlanib, ro‘yxatini tuzish ishlari olib borilmoqda.

Shahar va tumanlar kesimida kartografika tuzilib, unda emlash punkti, brigadasi va har bir brigadadagi emlanadigan aholi soni aniq ko‘rsatiladi. Har bir davolash profilaktika muassasasi qoshida tashkil etilgan emlash punktida tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga qarshi o‘qitilib, tayyorlangan mutaxassislar, ya’ni brigada shifokori, vaksinator va ularning o‘rindoshlari emlash ishlarini amalga oshiradi. Fuqarolarning emlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumot mavjud hujjatlarda qayd etib boriladi. Emlangan fuqaroning talabiga ko‘ra, unga emlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumot berilishi mumkin.

Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati.