Emlashdan keyin tana harorati ko‘tarilsa, nima qilish kerak?
Cog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayevadan koronavirusga qarshi kurash va vaksinatsiya jarayonlari bo‘yicha savollarga javob oldi.
- Vaksina qabul qiluvchi fuqarolar dastlab qanday tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi?
- Vaksina qabul qiluvchi fuqarolar dastlab shifokor nazoratidan o‘tadi, tibbiy ko‘rik davomida shifokor:
🔺 fuqaroning bugungi kundagi shikoyatlari, umumiy ahvolini o‘rganadi;
🔺mavjud surunkali kasalliklarini va bugungi kunda qabul qilayotgan dori vositalari haqida ma’lumot oladi;
🔺organizmning a’zolarida kuzatilayotgan o‘zgarishlar: qon bosimi, tana vazni va bo‘y uzunligini o‘lchash, yurak urish va nafas olish soni, saturatsiyani aniqlaydi, shuningdek yurak, nafas a’zolarini auskultativ eshitadi;
🔺shifokor tekshiruvida aniqlangan holatdan kelib chiqib, zarurat bo‘lganda klinik va laborator tekshiruvlar: umumiy qon va peshob tahlillari, qonda qand miqdori va biokimyoviy tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Fuqarolarning salomatlik holatidan kelib chiqib, organizmda o‘tkir shamollash yoki yallig‘lanish kasalliklari aniqlanmasa va surunkali kasalliklari avj olish yoki xuruj qilish ehtimoli bo‘lmasa, emlanish tavsiya etiladi.
- Agar emlashdan keyin tana harorati ko‘tarilsa, qanday yo‘l tutish kerak?
- Emlashdan so‘ng tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilsa, ortiqcha vahimaga tushmaslik kerak. Bunday holatda, avvalo, ko‘p suyuqlik ichish tavsiya etiladi va tegishli tavsilar olish uchun oilaviy shifokorga murojaat etish kerak. Tana harorati davomli ravishda 38 darajagacha ko‘tarilishi kuzatilsa, uni keltirib chiqarayotgan omilni aniqlash uchun klinik laborator tekshiruvlar o‘tkazish lozim bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.