“Samarqand” xalqaro aeroportida 130 quti tamaki mahsuloti ushlab qolindi

“Samarqand” xalqaro aeroportida “Istanbul-Samarqand”  yo‘nalishida uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.R. “yashil” yo‘lak orqali sigareta partiyasini noqonuniy olib o‘tmoqchi bo‘ldi. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Biroq uddaburonning ishi yurishmadi. Bojxona nazorati zonasidan o‘tish vaqtida M.R.ning qo‘l yuklari bojxonachilarda shubha uyg‘otdi. Fuqaroga tegishli qo‘l yuklar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda sumka ichidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 3 milliondan ziyod 130 quti “Parliament” nomli tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib,  tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 fevral kuni “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan jismoniy shaxslar tomonidan bojxona to‘lovlari olinadigan tovarlarni mamlakatga olib kirishning chegaraviy me’yorlari tasdiqlangan.

Unga ko‘ra jismoniy shaxslar 10 qutigacha bo‘lgan tamaki mahsulotlarini olib kirishlariga ruxsat berilgan.