Samarqand xalqaro aeroportida yetarli sharoit yaratilmaganiga izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand xalqaro aeroportining vaqtinchalik terminali oldida yo‘lovchilar uchun yetarli sharoitlar yaratilmaganligi ta’kidlangan xabar tarqaldi.

“Samarqand xalqaro aeroporti” MChJ ma’muriyati mazkur holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi:

Xabarda qayd etilganidek, bugun Samarqand xalqaro aeroporti hududida ulkan bunyodkorlik va modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Xususan, uning yangi loyiha asosida qurilayotgan besh qavatli aerovokzali joriy yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Muhimi, hududda olib borilayotgan keng qamrovli qurilish ishlariga qaramay aeroport o‘z faoliyatini to‘xtatgani yo‘q. Vaqtinchalik aerovokzalda maxsus va boshqa aviaqatnovlar muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Albatta, jarayon kamchiliklarsiz, deya olmaymiz. Bu ayniqsa, viloyatimizda havo haroratining keskin oshib ketishi bilan yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Vaqtinchalik aerovokzalda maxsus uskunalar yordamida mo‘’tadil havo harorati saqlab turilgan bo‘lsa-da, u barcha yo‘lovchilarga bir vaqtda xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallanmagan. Karantin talablaridan kelib chiqib, yo‘lovchilar binoga navbat asosida kiritilmoqda. Ammo ro‘yxatga olish vaqtida ba’zi fuqarolarning belgilangan tartibga bo‘ysunmay, navbatsiz ro‘yxatdan o‘tishga urinishi oqibatida tartibsizlik kelib chiqmoqda. Aeroport ma’muriyati mas’ul xodimlarni ogohlantirib, jarayonda nazoratni kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, aeroportga erta yetib kelgan xalqaro reys yo‘lovchilari daraxtlar osti va panjara yonidagi soyalarda ro‘yxatdan o‘tishni kutishayotganligi aytilgan. Bu borada shuni ma’lum qilamizki, ayni vaqtda aeroport hududining asosiy qismida qurilish ishlari olib borilayotganligi sababli vaqtinchalik aviavokzal oldida reysga erta kelgan yo‘lovchilarning kutishi uchun joy ajratilmagan. Ayni vaqtda aeroport ma’muriyati mazkur muammoni mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

“Samarqand xalqaro aeroporti” MChJ ma’muriyati amalga oshirilgan ishlar haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.