Samarqand(18 oktyabr – Samarqand shahri kuniga)

Samarqand
(18 oktyabr – Samarqand shahri kuniga)
O, go‘zal Samarqand! Vatanim mening,
Bobolardan meros jon, tanim mening.
O‘zbekman, fidoyi farzandman senga,
Sen bois imkonim, imonim mening.
Seni kuylamoqlik o‘zi zo‘r sharaf,
Yurak iftixorga to‘lar, bokira.
Sening ta’rifingga sira yo‘q qiyos,
Ko‘kda yulduzlar ham bo‘lmish asira.
Dunyo xazinasin bir duridursan,
Jahongir bobomning sururidirsan,
Poyingda yog‘iylar beraverar jon,
Har bitta turkiyning g‘ururidirsan.
Shaffof buloqlaring bol, obi kavsar,
Senda kashf etadi o‘zini sahar.
Kipriklarim bilan gardingni artay,
Tangri nazar solgan, ey, buyuk shahar.
Temur bobom qaytdi qayta bog‘ingga,
Falakka qaytgandek olam quyoshi.
Bugun men yig‘ladim, bo‘zlab qadrimga,
Buncha cho‘ng bo‘lmasa o‘zbek bardoshi.
Zamona shiddatkor, karvon ortidan
Tushib qolgan ellar, millatlar qancha.
Buyuk Bibixonim qasabasidan -
To‘kilgan rivoyat, hikmatlar qancha.
Nima ekkan bo‘lsang o‘rasan shuni -
Omonat dunyoning hikmati ayon.
Yurtimga istiqlol yuz burgan kuni
Yana o‘z bog‘iga qaytdi Ko‘ragon.
Dengizday chayqalar orziqqan qalbim,
Sevinch yoshlarimni she’r bilan artdim.
Ezgu oyatlarni shivirlar labim -
Ko‘z tegmasin senga, hech qachon yurtim.
Qo‘llarim ko‘ksimda, dilimda tug‘yon,
Bugun bekor bo‘ldi barcha hadiklar.
Yetti iqlimdan ham kelsa gar, mehmon
Kutib olajakdir samarqandliklar.
Ismatillo YO‘LDOShEV.