Samarqandda ichki ishlar idoralari xodimlari pora olmaydi

Soha xodimlari korrupsiyaga qarshi murosasiz bo‘lishi uchun tizim yaratilgan.
Korrupsiya – har qanday jamiyatni tanazzulga yuz tutishiga asosiy sababchi bo‘lishi yangilik emas. Shu sabab davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning yangi tizimi yaratildi.
Birgina misol, bugun pora olgan bilan uni bergan ham teppa-teng javobgar sanaladi. Vaholanki, bor-yo‘g‘i 8-10 yil avval pora olgan shaxs – aybdor, ya’ni jinoyatchi sanalib, porani bergan kimsa esa jabrlanuvchi hisoblanib kelgan.
Ming afsuski, illatni yo‘q qilishga qaratilgan bu kabi chora-tadbirlarga qaramay qaysidir ishini bitirib olish uchun ochiqdan-ochiq pora taklif qilayotgan yurtdoshlarimiz hali-hamon uchrab turibdi.
Xususan, yaqinda Paxtachi tumanida yashovchi 1976 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash uyida o‘tkazilgan “Tintuv” tergov harakati davomida, 2 dona “bita” va 1 dona “kastet” sovuq qurol hamda tomorqa yer maydonida “marixuana” giyohvandlik moddalarini ekib parvarish qilinaayotganligi aniqlangan.
Holat xolislar ishtirokida hujjatlashtirilgach, fuqaro tuman IIB xodimning oldiga kelib to‘plangan hujjatlarni tergov organlariga o‘tkazmasdan, hech qanday chora ko‘rmaslik evaziga 20 million so‘m pul taklif qilgan.
IIB xodimi fuqaroga uning harakatlari noqonuniy ekanligi bir necha bor tushuntirilsa-da, 3 ming dollar pul taklif qilgan. Holat yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro aytilgan pul – porani bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Ichki ishlar vazirining 2022 yil 3 martdagi “Ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish hamda korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi buyrug‘i hamda vazir o‘rinbosarining jori yil 26 maydagi farmoyishi asosida iyun oyining birinchi o‘n kunligi viloyatning barcha ichki ishlar organlarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish dolzarb o‘n kunligi” deb e’lon qilingan.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat hududida 57 ta korrupsiyaga oid jinoyatlar aniqlandi. Shundan 9 tasi pora olish, 47 tasi pora berish hamda 1 tasi vositachilik qilish bilan bog‘liq jinoyatlardir.
Sohalarga kesimida tahlil qilinganda qayd qilingan korrupsiyaga oid jinoyatlarning 49 tasi ijtimoiy soha yo‘nalishi, 8 tasi iqtisodiy soha yo‘nalishi (1 tasi - ekologiya, 1 tasi soliq, 2 tasi kommunal xizmat, 4 tasi boshqa iqtisodiy sohalar) bo‘yicha sodir etilgan.
Qayd etish lozimki, ichki ishlar organlari xodimlarida fuqarolar tomonidan xizmat faoliyati bilan bog‘liq pora taklif qilish holatlariga murosasiz munosabatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, pora taklif qilinayotgani haqida belgilangan tartibda axborot bergan xodimlar mukofotlanmoqda. Bu borada joriy yilning shu davrida 16 holatda pora berish jinoyatlari aniqlanib, qonun ustuvorligi ta’minlandi. Qonun ustuvorligini ta’minlagan xodimlarga 60 million so‘m miqdorida pul mablag‘i berildi.
Farrux Nurmurodov,
viloyat IIB ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati katta inspektori, leytenant.