Samarqandda 10 avgustdan boshlab maktab yarmarkalari tashkil etiladi
Shahar va tumanlar hokimliklari 2022 yil 1 avgustga qadar hududlar bo‘yicha maktab formalarini ishlab chiqarish yuzasidan tegishli amaliy choralar ko‘rilishini ta’minlashi lozim. Bu haqda viloyat hokimining 2022 yil 31 maydagi 240-7-0-Q/22-sonli qarorida belgilandi.
Shuningdek, 1 iyunga qadar viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun maktab formalariga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanadi.
Bundan tashqari, qonunchilikda belgilangan tartibda kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar farzandlari uchun maktab formasini mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan sotib olinishida ko‘maklashish ta’minlanadi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan kelishgan holda 2022 yil 10 avgustdan boshlab maktab formasi savdosini tashkil qilish maqsadida viloyatning har bir tuman (shahar) markazida aholiga qulay joylarda, maktab yarmarkalarida maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shoxobchalari tashkil etiladi.