Samarqandda 1112 ta saylov uchastkasi tuzildi
Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining bugun o‘tkazilgan navbatdagi majlisida okrug hududida saylov uchastkalari tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Saylov kodeksining 10-moddasiga ko‘ra, saylov uchastkalari saylovchilarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida tumanlarning, shaharlarning, shaharlardagi tumanlarning chegaralari inobatga olingan holda tuziladi.
Shuningdek, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ham saylov uchastkalari tuziladi.
– Majlisimizda saylov uchastkalarining tartib raqamlari belgilangan holda okrug bo‘yicha 1112 ta saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildik, – deydi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari D.Yakubjanova. – Jumladan, eng ko‘p saylov uchastkalari Samarqand shahri (176 ta) va Urgut tumanida (126 ta), eng kami Kattaqo‘rg‘on shahri (33 ta) va Paxtachi tumanida (43 ta) tuzildi.
Saylov uchastkalarining 894 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 58 tasi kollej, litsey va texnikumlarda, 37 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 53 tasi tibbiyot, sanatoriy va dam olish muassasalarida, 16 tasi oliy o‘quv yurtlari binolarida, 12 tasi harbiy qism va ozodlikdan mahrum etish muassasalarida faoliyat olib boradi.
Uchastkalar ro‘yxati tuman, shahar gazetalari va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi belgilandi.
Majlisdan so‘ng o‘tkazilgan brifingda komissiyaning faoliyati haqida ma’lumot berildi.