Samarqandda 122 ta yangi maxsus texnika obodonchilikka yo‘naltirildi (foto)

Samarqand viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi hamda Past Darg‘om tumani hokimligi obodonlashtirish bo‘limlariga maxsus texnika vositalari topshirildi.

Viloyat, shahar va tuman hokimliklari mutasaddilari, viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi rahbarlari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov mazkur texnikalar obodonlashtirish sohasida uchrayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etib, tizim samaradorligiga xizmat qilishini ta’kidladi.

“Samarqand viloyatini obodonlashtirish va aholi farovonligini oshirish jamg‘armasi” hisobidan shahar va qishloqlarda muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari holatini, aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida 408,5 milliard so‘mlik mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Jumladan, viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi, Past Darg‘om tumani hokimligi obodonlashtirish bo‘limi uchun 122 ta maxsus texnika vositalarini xarid qilishga 39 milliard 689 million so‘m mablag‘ moliyalashtirildi.

Shundan 31 milliard 424 million so‘m mablag‘ evaziga 87 ta maxsus texnika vositalari keltirildi. Yana 35 ta maxsus texnika vositalari olib kelinishi kutilmoqda.