Samarqandda 15 ming 343 pedagog attestatsiyadan o‘tkaziladi
2021 yilning mart-aprel oylarida Samarqand viloyatida pedagog kadrlarni malaka toifasini yaxshilash maqsadida 2095 nafar oliy toifaga, 6037 nafar birinchi toifaga va 7211 pedagog ikkinchi toifaga da’vogar sifatida test sinovlarida ishtirok etadi. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish maqsadida bo‘lib o‘tadigan test sinovlari adolatli va shaffof bo‘lishini ta’minlash maqsadida barcha choralarni ko‘rdik, - dedi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov. – Test sinovlarida birovning o‘rniga boshqasi kirolmaydi, bazaga o‘qituvchilarning suratlari va ma’lumotlari kiritilgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan attestatsiya savollari noto‘g‘riligi, pedagoglarimiz unga ishonmaslik kerakligini aytmoqchiman. Test savollari davlat ta’lim standartlari asosida darsliklardan tuzilgan.
Test sinovlarini o‘tkazish uchun Samarqand davlat universitetida 100 ta kompyuterli xona tayyorlangan. Jarayon uch navbatda bo‘lib o‘tadi, har bir navbatda 100 nafardan pedagog test topshiradi. Test sinovi yakunida o‘qituvchiga o‘zi olgan ball ma’lum qilinadi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.