Samarqandda 16 nafar mansabdorlarga energetika sohasidagi qonunbuzarlik uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.

Unda aytilishicha, viloyati prokuraturasi organlari tomonidan prezidentning “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

Xususan, tegishli tashkilot va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlaridan iborat shtablar tashkil etilgan.

Shtablarning asosiy e’tibori energetika sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash, ta’minot korxonalarining kuz-qish mavsumiga tayyorlashdagi muammolarini o‘rganib, bartaraf etish, vujudga kelgan qarzdorliklarni undirish va avariya holatlarining oldini olishga qaratilgan.

Farmon ijrosini ta’minlashda 6 594 ta reyd tadbirlari o‘tkazilib, 834 nafar fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘yib kelinayotganligi aniqlangan.
Oqibatda 233 nafar fuqaroga ma’muriy hamda 16 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.