Samarqandda 16 ta markaziy ATSlar montaj qilinmoqda. Tarmoqning o‘tkazuvchanligi kamida 30 Gbit/s tezlikkacha oshiriladi

Bugun jahon hamjamiyati uchun jiddiy muammoga aylangan koronavirus (COVID-19) pandemiyasiga qarshi mamlakatimizda qat’iy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Shu jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi, vazirlik tizimidagi aloqa sohasi korxona va tashkilotlarining viloyat bo‘linmalari tomonidan yil davomida rejalashtirilgan ishlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Yaponiya Xalqaro taraqqiyot banki (JBIC) tomonidan magistral tarmoqlarni kengaytirish bo‘yicha Samarqand viloyatining (tumanlar va Go‘zalkent, Ulug‘bek qo‘rg‘onlari) 16 ta markaziy ATSlarida hamda Kattaqo‘rg‘on va Samarqand shaharlaridagi yangi DW7000 qurilmalarini montaj qilish ishlari davom etmoqda.

Qurilmalar ishga tushirilgandan keyin tumanlargacha magistral tarmoqning o‘tkazuvchanligi kamida 30 Gbit/s tezlikkacha oshiriladi. Yil davomida o‘rnatilishi rejalashtirilgan 101 ta MSAN kichik stansiyalarning 12 tasi ishga tushirildi, 10 tasida abonentlarni o‘tkazish ishlari davom etmoqda. 29 ta yangi mobil aloqa tayanch baza stansiyalari o‘rnatilib, mazkur hududlar sifatli mobil aloqa va mobil Internet qamrovi bilan ta’minlandi.

Undan tashqari, soha korxonalari tomonidan abonentlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham ishlar to‘xtab qolgani yo‘q. Kelib tushayotgan ariza va murojaatlar mutaxassis xodimlar tomonidan o‘z muddatida ko‘rib chiqilishi va nosozliklar bartaraf etilishi ta’minlanmoqda. Jumladan, Uzmobile mobil aloqa kompaniyasi tomonidan xizmatga ulanish kompaniyaning rasmiy veb-sayti orqali onlayn ko‘rinishda amalga oshirilishi tashkil etildi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida yangi qurilgan 2055 xonadondan iborat 40 ta ko‘p qavatli uylarda past tokli kabel shaxtalari tashkil etildi va ichki telekommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlandi.

Ushbu amalga oshirilgan ishlar uchun mahalliy byudjet va buyurtmachi korxonalar tomonidan 1 milliard 895 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi.