“Samarqandda 2020 yili byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq 54 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan” sarlavhali maqola yuzasidan “Maroqand obod” davlat unitar korxonasi munosabati
Fransiya Taraqqiyot agentligi ishtirokida “Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilar boshqaruvini modernizatsiya qilish” loyihasi maqsadlaridan biri Samarqand shahrida maishiy chiqindi yig‘ish infratuzilmasini yangilash hisoblanib, 2019 yilda loyiha doirasida 80 dona maishiy chiqindi yig‘ish mashinalari xaridi amalga oshirilgan.
Tender savdosi va xarid jarayoni, loyiha moliyalashtiruvchisi Fransiya Taraqqiyot agentligi tartib-tamoyili asosida xalqaro tender tashkil etish yo‘li orqali amalga oshirilgan. Mazkur tender jarayonlari 2018 yil 2 noyabrda boshlanib, 2019 yil 13 aprelda nihoyasiga yetgan. Tenderda qatnashgan ishtirokchilar tomonidan O‘zbekiston, Xitoy va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan chiqindi yig‘ish mashinalari bo‘yicha 6 ta taklif kelib tushib, eng qimmat taklif 6 million 170 ming yevro va eng arzon taklif 3 million 158 ming yevroni tashkil etgan. Samarqand viloyati tarmoq xarid komissiyasi va Fransiya Taraqqiyot agentligi tender hujjatlarini kelishish, kelib tushgan tender takliflarini o‘rganish va baholash natijalarini tekshirish va tasdiqlash kabi muhim vazifalarni bajargan.
Fransiya Taraqqiyot agentligining tartib-tamoyiliga ko‘ra, tender qatnashchilari tender xujjatlarida e’lon qilingan ma’muriy talablar, texnik shartlar va moliyaviy takliflari asosida baholanishi belgilangan. Ma’muriy talablardan biri, tender qatnashchisining chiqindi yig‘ish mashinalari yetkazib berish bo‘yicha yetarli tajribaga ega ekanligini ko‘rsatuvchi hujjatlarni taqdim etishi bo‘lib, “Cranes and Special Trucks” ushbu talabni qondira olmagan. Fransiya Taraqqiyot agentligining xalqaro tender xaridlari qoidalariga ko‘ra ushbu qatnashchi tenderdan chetlatilgan. Bundan tashqari, tender jarayonida Janubiy Koreya va xitoylik qatnashchilar tomonidan “Cranes and Special Trucks” va boshqa o‘zbekistonlik tender qatnashchisi o‘rtasida (bir xil shassi va kabina ishlatilishi sababli) o‘zaro manfaatlar to‘qnashuvi borligini ko‘rsatuvchi xatlar ham kelib tushgan.
Yuqoridaga holatlarni o‘rgangan holda va Fransiya Taraqqiyot agentligi rozilik xati bilan Samarqand viloyati tarmoq xarid komissiyasi tender natijalarini tasdiqlagan. Xalqaro tender natijasiga ko‘ra, Xitoyning eng nufuzli ishlab chiqaruvchilari, “Dongfeng” va “Howo” tomonidan ishlab chiqarilgan 4 million 188 ming yevro qiymatidagi 80 ta chiqindi yig‘ish mashinalari xaridi amalga oshirilgan.
“Cranes and Special Trucks” korxonasi tender savdolaridan asossiz ravishda chiqarilganligi va 1 million 30 ming yevro (bu shunchaki takliflar orasidagi tafovut) miqdoridagi FTA kredit mablag‘i talon-toroj etilganligi haqidagi ayblovlar hali o‘z isbotini topmagan.
Korxona direktori Sh.Nasimov.