Samarqandda 3 oyda 1239 nafar shaxsga nisbatan 997 ta jinoyat ishi ko‘rilgan
Samarqand viloyat sudida 2021 yilning birinchi choragida tergov faoliyati tahlili, uchrayotgan xato-kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari sudyalari, prokuratura, ichki ishlar va boshqa organlar tergovchilari ishtirok etgan tadbirda qayd etilishicha, joriy yilning birincha choragi davomida viloyat sudlari tomonidan 1239 nafar shaxsga nisbatan 997 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan. 705 ta jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilgan, 256 ta jinoyat ishi tugatilgan.
134 ta (179 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovlar o‘zgartirilib hukm chiqarilgan. Jumladan, 26 ta jinoyat ishi bo‘yicha modda to‘liq ayblovdan chiqarilgan, 24 ta jinoyat ishida modda qismi yoki bandi olib tashlangan, 25 ta jinoyat ishi bo‘yicha boshqa moddaga kvalifikatsiya qilinib, 72 ta jinoyat ishi bo‘yicha esa boshqa qismga yoki bandga qayta kvalifikatsiya qilinib hukm chiqarilgan. 11 ta (15 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi jabrlanuvchi yoki uning vakilining iltimosnomasiga asosan Jinoyat-protsessual kodeksining 416-417-moddalari tartibida qo‘shimcha tergov harakatlari o‘tkazish uchun tegishli tergov organiga yuborilgan.
– Davlatimiz rahbari raisligida 2020 yil 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tergov sifati va xodimlar malakasi talabga javob bermasligi ham qayd etilgandi, – deydi Samarqand viloyati sudi sudyasi T.Qodirov. – Haqiqatan ham, ba’zida tergov organlari tomonidan ishlarni yuritish davomida moddiy va protsessual qonun normalariga hamda Oliy sud plenumi qarorlarida berilayotgan tushuntirishlarga amal qilinmayotganligi holatlari uchrab turibdi. Misol uchun, Jinoyat-protsessual kodeksining 91-moddasi 4-qismida, o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, tintuv, tergov eksperimenti, shaxsni ushlash, himoyachidan voz kechish, shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish protsessual harakatlari videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi belgilangan. Ammo Jinoyat kodeksining 168-moddasi “a” bandi bilan ayblangan F.E. ga nisbatan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi katta tergovchisi tomonidan shaxsni ushlash, shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish protsessual harakatlari bayonnomalarida yuqoridagi protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilganligi bayon qilinmagan hamda ushbu bayonnomalarga videoyozuv materiallari ilova qilinmasdan qonun buzilish holatiga yo‘l qo‘yilgan.
Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining 2021 yil 29 yanvardagi hukmiga ko‘ra, M.I. va boshqalar Jinoyat kodeksining 127-moddasi 3-qismi “b” bandi va 169-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan sudlangan. Mazkur jinoyat ishi Urgut tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasi katta surishtiruvchisi tomonidan olib borilgan. 2020 yil 16 oktyabr kuni u sudlanuvchining yashash uyida tintuv tergov harakatlarini o‘tkazgan bo‘lsa-da, ushbu protsessual tergov harakatini videoyozuv orqali qayd etmagan va bayonnomada ko‘rsatmagan.
Viloyat sudi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limining ma’lum qilishicha, seminarda tergov organlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar batafsil tahlil qilinib, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan fikrlashib olindi.